04:36 / 07.05.2015
2497

O‘zbekistonda bolalar bog‘chalarini to‘liq ta'mirlash bo‘yicha eng yirik loyiha ishga tushirildi

O‘zbekiston hukumati maktabgacha ta'lim muassasalariga qaratilgan mustaqillik yillaridagi eng yirik loyihani amalga oshirishni boshladi. Joriy yilda 273ta bolalar bog‘chasi ta'mirlanadi.

Loyiha “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan 2015-2020 yillarga mo‘ljallangan maktabgacha ta'lim dasturiga kiradi.

Mamlakatimizda 4930ta davlat bolalar bog‘chasi mavjud bo‘lib, ularning aksariyatining binolari va maydonlari kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish zarur holatga kelib qolgan. Xalq ta'limi vazirligi bu muammoni 5 yil ichida hal qilishni rejalashtirmoqda. 

“Joriy yilda 273ta maktabgacha ta'lim muassasalarini ta'mirlash rejalashtirilgan. Bir vaqtning o‘zida ularni yangi mebel va boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlash muammosi ham hal qilinadi. Viloyat, shahar va tuman hokimiyatlari bu maqsadlar uchun umumiy miqdorda 1667, mlrd so‘m yo‘naltiradi”, deb aytib o‘tdi vazirlik bo‘lim boshlig‘i Sabohat Mirjalilova.

“5 yil ichida bizlar barcha imkoniyatlardan foydalanib, bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari sonini 23 foizdan 45 foizgacha ko‘tarmoqchimiz. 2015 yilda e'tiborni qisqa muddatli guruhlar tashkil qilishga qaratdik. Bunday guruhlarda tarbiyachilar va ularning yordamchilari bolalarni maktabga tayyorlaydilar. Ushbu guruhlar asosan ishlatilmayotgan maktabgacha ta'lim muassasalari negizida yaratiladi”, deb qo‘shimcha qildi Sabohat Mirjalilova.

“Bolalar bilan ishlashni ham takomillashtirishni davom ettiramiz. Bu yilda o‘z ichiga o‘qitish, har tomonlama intellektual, ma'naviy, estetik va jismoniy rivojlanishni o‘z ichiga oluvchi ta'lim talablariga muvofiq bolalarni maktablarga tayyorlashning tubdan yangi dasturlarini tatbiq etishga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bolalar bilan ishlashda psixolog va defektologlarning majburiy ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan”, deb o‘z so‘zlarini yakunladi mutaxassis.

Top