15:08 / 08.05.2015
1810

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida havaskor polvonlar bellashdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sport-sog‘lomlashtirish majmuasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Keksalarni e'zozlash yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan musobaqada 20dan ortiq ta'lim muassasasi o‘quvchilari g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Vazni 55 kilogrammgacha bo‘lgan yosh polvonlar bahsida Navro‘zbek Qadamovga teng keladigan topilmadi. Eldor Mahkamov ikkinchi, Oybek Sodiqov uchinchi o‘rinni egalladi.

65 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Sherzod Omonov barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Abbos Qahhorov kumush, Sherzod Tursunboyev bronza medal bilan taqdirlandi.

Musobaqaning vazni 71 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida Behzod Panjiyev oltin medal bilan taqdirlandi. Javohir Qosimov kumush, Sherzod Abdusattorov bronza medalni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Top