07:09 / 12.05.2015
3916

Rossiya AQSh bilan munosabatlarning yaxshilanishiga umid bildirmoqda

Rossiya AQSh Davlat kotibining Rossiyaga tashrifi “global barqarorlik ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan bu davlatlarning ikki tomonlama munosabatlarining yaxshilanishiga ko‘mak beradi”, deb umid bildirmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining axborot va matbuot departamenti tarqatgan bayonotda aytilmoqda.

AQSh Davlat kotibi 12 mayda Rossiyaga ishchi safar bilan keladi va Sochida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokara o‘tkazadi. “Ikki tomonlama munosabatlarning joriy masalalari va dolzarb xalqaro muammolar bo‘yicha fikr almashish rejalashtirilmoqda”, deyilmoqda vazirlik bergan xabarda. 

“Ayni paytda Rossiya-AQSh munosabatlari o‘zining og‘ir damlarini o‘tkazmoqda. Bu Vashingtonnning aniq maqsadga yo‘naltirilgan nodo‘stona harakatlari tufayli yuz bermoqda. Barak Obama ma'muriyati ko‘p jihatdan AQSh tomonidan keltirib chiqarilgan Ukrainadagi inqiroz uchun javobgarlikni Rossiyaga asossiz yuklab qo‘yib, 2014 yilda ikki tomonlama munosabatlarni yig‘ishtirib qo‘yish yo‘lidan ketdi hamda Rossiyani xalqaro sahnada “yakkalab qo‘yish” yo‘nalishini e'lon qildi va an'anaviy tarzda Vashingtonning orqasidan ergashuvchi davlatlardan o‘zining Rossiyaga qarshi qadamlarini qo‘llab-quvvatlashlarini talab qildi”, deyilmoqda vazirlikda.       

“Vashington rossiyalik jismoniy shaxslar, kompaniyalar, banklar va tashkilotlarga xalqaro huquq me'yorlariga zid keluvchi viza va mulkiy sanksiyalar e'lon qildi. Bizning chegaralarimizga Sharqiy Yevropada qurolli kuchlar kontingentini oshirish, bu mintaqada AQSh raketa hujumiga qarshi mudofaasining muhim elementlari hamda Qora dengizda muntazam ravishda AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemalarining paydo bo‘lishini o‘z ichiga oluvchi NATO harbiy infratuzilmasi izchillik bilan olib kelinmoqda”, deb qo‘shimcha qilinmoqda vazirlikda.

“Bu sanksiyalarga qarshi javob berishga, bizning xavfsizligimizni ta'minlash uchun chora-tadbirlar qabul qilishga to‘g‘ri kelinmoqda. Biroq shu bilan birga AQSh bilan manfaatlarimizga va xalqaro xavfsizlikni ta'minlash borasidagi vazifalarimizga mos keluvchi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirmoqdamiz. Xususan, 2014 yilda Suriyadan kimyoviy qurolning barcha komponentlarini olib chiqib ketish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv amalga oshirildi. Eron yadro dasturi bo‘yicha vaziyatni hal qilish bo‘yicha muzokaralar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz, natijada Rossiya tomonidan bildirilgan izchillik va o‘zaro manfaatlilik asosida kelishuvlar ishlab chiqishga yaqinlashildi”. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, AQSh biznesi hattoki Oq uy pressingi ostida ham Rossiya bozoridan ketishga shoshilmayapti va hamkorlikni davom ettirishga katta qiziqish bildirmoqda. “Rossiyaga katta sarmoyalar kiritayotgan “Boing”, “Ford”, “Jon Dir”, “Alkoa”, “Koka-Kola”, “Pepsiko”, “Mars”, “Ekson-Mobil”, “Shevron”, “Konoko-Fillips” va boshqa kompaniyalar Rossiyada o‘z o‘rinlarini saqlab qolishni xohlamoqdalar. Sanktsiyalarga qaramasdan, 2014 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 2013 yilga nisbatan 5,6 foizga o‘sib, 29,2 mlrd dollargacha yetgan”, deyilmoqda vazirlik bergan bayonotda.

Top