16:57 / 13.05.2015
9947

Britaniyalik mushuk eng baland ovozda miyovlovchi mushuk sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Merlin laqabli britaniyalik mushuk eng baland ovozda miyovlaydigan mushuk sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritildi, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri. Merlin chiqaradigan tovushlar balandligi 67,8 Db deb baholandi. Taqqoslash uchun, oddiy uy mushuklari 25 dB atrofida miyovlaydilar.

Rekordchi mushukning egasi Treysi Vestvudning aytishicha, u telefonda suhbatlashganda suhbatdoshlari ba'zan uning uyidan “qandaydir shovqin” kelayotganidan shikoyat qilishadi. “Men ularga bu mening mushugim miyovlayotganini aytaman. Biroq ular menga ishonishadimi-yo‘qmi, bilmayman”, deydi Merlinning egasi.

Mushuk Vestvudlar oilasida 13 yildan beri yashaydi. U Torki shahridagi (Devon grafligi) hayvonlarni qutqarish markazidan boqib olingan. Qayd etilishicha, Merlin mushuk bola bo‘lganidayoq katta mushuklardan balandroq miyovlagan. U yashagan uyda uning miyovlashini faqatgina yana bir uy hayvoni – kar itgina eshita olmagan.

Ikki yil avval Vestvud u paytda baland ovozda miyovlash bo‘yicha rekordchi bo‘lgan Smoki mushugi haqida bilib qoldi. Bu mushukning miyovlashi tovushi 67,68 Db ga yetgan. Vestvud uning mushugi Smokidan balandroq miyovlashi mumkinligini his etib, ekspertlarni chaqirtirdi. Natijada Ginness rekordlar kitobi vakillari Merlinning miyovlashi tovushini maxsus asboblarda o‘lchab, yangi yutuqni qayd qilishdi.

Top