11:26 / 13.05.2015
3601

Toshkent quvur zavodi metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda

Toshkent quvur zavodi o‘tgan yildan boshlab mayda nav, issiq chigirlangan metall prokati (diametri 6,5 mmdan 12 mmgacha bo‘lgan ingichka chiviq po‘lat) ishlab chiqarishga kirishdi.

Bu haqida “Toshkent quvur zavodi” qo‘shma korxonasining 2 – ishlab chiqarish majmuasi boshlig‘i Zafar Norxo‘jayev ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangidan bunyod etilgan zamonaviy, yuqori samarali metallurgiya majmuasining birinchi navbati loyiha quvvati 250 ming tonnani tashkil etgan.

“Ushbu majmuaning qurilishi misli ko‘rilmagan darajada qisqa muddat, ya'ni bor-yo‘g‘i 14 oy mobaynida poytaxtimizning Sirg‘ali sanoat hududida amalga oshirildi. Majmuani barpo etishga xorijiy ta'sischilar katta sarmoyalar kiritdilar, bu esa o‘z navbatida loyihaning muvaffaqiyatini ta'minladi. Xitoy metallurgiya instituti tomonidan loyihalashtirilib, ushbu mamlakatning eng yirik ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan zamonaviy yuqori samarali asbob-uskunalarni montaj qilish va ishga tushirish chora-tadbirlari bevosita xitoylik yuqori malakali texnik mutaxassislar va ishchilar ishtirokida o‘z vaqtida va sifatli qilib bajarildi. Natijada, respublikamizda talab katta bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi po‘lat quvurlarning yirik ishlab chiqaruvchisi sifatida faoliyat boshlagan korxonamiz, yana metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonaga ham aylandi”, – deya ta'kidladi Norxo‘jayev.

U korxonada o‘rnatilgan metall yoyadigan mashinaning uzunligi deyarli bir kilometrni tashkil etishini, ayrim texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va konstruktorlik yechimi bo‘yicha ushbu uskuna nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH mintaqasida ham yagona ekanligini bildirdi.
“Joriy yilda korxona tomonidan birgina metallurgik mahsulotlarni 200 ming tonna hajmda ishlab chiqarish rejalashtirilgan. O‘rta muddatli istiqbolda kvadrat va olti burchakli ko‘ndalang kesimli chiviqlarni seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Shunda Toshkent quvur zavodining o‘rnatilgan ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 500 ming tonna yuqori likvidli mahsulotga yaqinlashadi”, – deya ta'kidladi korxona vakili.

Top