01:59 / 14.05.2015
1382

O‘zbekistonlik taekvondochi Chelyabinskda o‘tayotgan Jahon chempionati yarimfinaliga chiqdi

Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Nikita Rafalovich Rossiyaning Chelyabinsk shahrida kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Jahon chempionatining yarimfinaliga chiqdi.

O‘ziga Jahon chempionatining kamida bronza medalini ta'minlay olgan Rafalovich 14 may kuni 74 kg gacha vazn toifasida yarimfinal bahsida malilik Ismoil Kaulibaliga qarshi uchrashuv o‘tkazadi. Ikkinchi yarimfinal bahsida rossiyalik Albert Gaun va eronlik Mas'ud Xojizavarah totamiga chiqadilar.

Nikita Rafalovich Janubiy Koreyada 2014 yilda o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarining kumush medali sovrindori, 2015 yilda Doxada bo‘lib o‘tgan Gran-Pri seriyasining “Qatar Open” musobaqasi g‘olibi hamda Turkiya-2015 Ochiq chempionatining chempioni hisoblanadi.

Final bahsi ham 14 mayda bo‘lib o‘tadi. Shu kuni yana bir o‘zbekistonlik sportchi Vladislav Xan o‘z ishtirokini boshlaydi.

Ma'lumot uchun, ushbu musobaqalarda 2016 yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 31-chi Yozgi olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolari o‘ynaladi.

Top