13:13 / 15.05.2015
3368

Boshliqdan 50 mln so‘m undirishni istagan xodim tilxatni soxtalashtirdi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi xususiy korxonalardan birining sobiq xodimi o‘z boshlig‘idan pul undirish uchun uning nomidan soxta tilxat yozib, ichki ishlar boshqarmasiga arz qildi. Ammo tekshiruv natijasida uning o‘zi hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanib, sudga topshirildi.

“Ogoh” gazetasida yozilishicha, 1959 yilda tug‘ilgan Tolib Eshnazarov qurilishga ixtisoslashgan MChJ direktori Oqilxon Qosimov bilan tanishib qolib, o‘zini quruvchi deb tanishtirgan va sinov muddatiga ishga olingan. O‘sha paytda MChJ tog‘ oromgohi qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etayotgan edi. Qosimov firma muhri tushirilgan va o‘zining imzosi qo‘yilgan bo‘sh qog‘ozni Eshnazarovga berib, o‘zi yo‘qligida, shoshilinch vaziyatlarda ishlatishini aytgan.

Sinov muddati tugagach, Eshnazarovning ishlashini yoqtirmagan Qosimov uni bo‘shatib yuborgan. Sobiq boshlig‘idan qasos olish uchun Eshnazarov uning oldiga borib, turil bahonalar bilan 1 800 000 so‘m tama qilgan. Ammo ikkinchi safar Qosimov pul berishdan bosh tortgan.

Shunda Eshnazarov muhr va imzo qo‘yilgan bo‘sh qog‘ozga printerdan tilxat chiqartirib, ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan. Tilxatda Qosimov go‘yoki firma balansidagi Lacetti mashinasini unga 50 mln so‘mga sotgani aks etgan. Eshnazarov Qosimovga bu pullarni bergani, ammo mashinani olmaganini iddao qilgan.

O‘tkazilgan tekshiruvlarning dastlabki bosqichlaridayoq Eshnazarovning yolg‘on guvohlik berayotgani aniqlangan. Natijada uning o‘zi yolg‘on guvohlik berish va qalloblikda ayblanib, sudga topshirilgan.

Top