12:05 / 16.05.2015
1920

O‘zbekiston vakillari Shanxayda xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etishdi

Shanxayda “Ipak yo‘li” mavzusida “World Travel Fair-2015” XII xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 50 mamlakatidan 570dan ortiq xorijiy sayyohlik operatorlari bilan bir qatorda O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etishdi.

Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston nomidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK hamda “Aspan Tour” sayyohlik kompaniyasi ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston sayyohlik salohiyati va yurtimizda ushbu sohada mavjud imkoniyatlar aks etgan taqdimot namoyish qilindi. 

O‘zbekiston o‘zining betakror tarixiy obidalari, yuksak ma'naviy merosi hamda Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ulug‘vor shaharlari bilan dunyoga mashhur ekanligi ta'kidlab o‘tildi. 

Taqdimot chog‘ida o‘zbek milliy taomlari, shirinliklari va quruq mevalari tortiq qilindi hamda tarixiy yodgorliklar va qadimiy shaharlar aks etgan foto va video materiallar mehmonlar e'tiboriga havola qilindi.

Top