07:47 / 16.05.2015
8153

Poroshenkoning iltimosi Facebook xodimlarining kulgisiga sabab bo‘ldi

Internetda Facebook xodimlari Pyotr Poroshenkoning Ukrainada kompaniyaning vakolatxonasini ochish haqidagi iltimosiga javobi aks etgan video paydo bo‘ldi.

Mark Tsukerberg o‘tkazgan anjumanlardan birida Facebook xodimlaridan biri Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning ijtimoiy tarmoq asoschisi Mark Tsukerbergga iltimosi borligi haqida aytganda, zalda kulgu ko‘tarilgan.

O‘z navbatida, Pyotr Poroshenko kompaniya bilan tegishli muzokaralar boshlanganini ma'lum qildi.

“Tsukerberg ukrainaliklarning savollariga javob berdi. Umid qilamanki, Facebook’ning Ukraina hududi moderatsiyasi barcha qiyinchiliklarga qaramasdan kelgusida ham to‘g‘ri va Facebook qoidalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi. Facebook idorasi bilan muzokaralar boshlandi. Ukrainada Facebook idorasining ochilishi biz uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ukrainada xalqaro kompaniyalar vakolatxonalarining ochilishini davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb hisoblayman”, deb yozdi Poroshenko o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

Avvalroq Mark Tsukerberg anjuman o‘tkazib, Tsukerberg anjuman davomida ukrainaliklarning ularning postlari siyosiy sabablarga ko‘ra to‘sib qo‘yilayotganligi haqidagi shikoyatlariga javob berib o‘tdi.

“Biz ochiq tajovvuz, milliy alomat bo‘yicha haqoratlash yoki zo‘ravonlikka undovchi postlarni saqlovchi kontentlarni to‘sib qo‘yamiz”, deb javob berdi Tsukerberg.

Tsukerberg ukrainalik foydalanuvchilarning postlari go‘yoki Facebook’ning Rossiyadagi vakolatxonasidan to‘sib qo‘yilayotgani haqidagi savollarga javoban, kompaniyaning Rossiyada idorasi yo‘qligini, Ukraina segmenti esa aslida Dublindagi xalqaro jamoa tomonidan moderatsiya qilinayotganini ma'lum etgan.

Top