08:25 / 17.05.2015
1778

“Zenit” futbolchilari murabbiyni va jamoaning yana bir a'zosini o‘g‘il farzandlar bilan tabriklashdi

Sankt-Peterburgning “Zenit” futbol jamoasining 16 maydagi ochiq mashg‘uloti jamoa futbolchilarining farzandli bo‘lgan ikki otani tabriklashlari bilan boshlandi. Jamoaning 37 yoshli bosh murabbiyi Andre Villash-Boash shanbaga o‘tar kechasi o‘g‘il farzandli bo‘ldi.

Dunyoga kelgan yangi mehmon Villash-Boashning Benedit va Karolina ismli qizlaridan keyin uchinchi farzandi bo‘ldi. Bolakayga Frederiko degan ism berildi.

16 may ertalab jamoaning 26 yoshli portugaliyalik himoyachisi Luish Netuning oilasi ham bir vakilga ko‘paygani ma'lum bo‘ldi. U ham o‘g‘il farzandli bo‘ldi, unga Rodrigo degan ism qo‘yildi.

Mashg‘ulot paytida futbolchilar “Zenit”da an'anaga aylangan holda ikki qatorga turib, “tunnel” hosil qilishib, murabbiy va jamoadoshlarini ushbu munosabat bilan “do‘stona mushtlar” tushirish bilan tabriklashdi. Aytilishicha, Villash-Boash Netudan ko‘ra kamroq “kaltak yegan”.

Eslatib o‘tamiz, “Zenit” 17 mayda o‘tkaziladigan Ufaning “Ufa” jamoasiga qarshi uchrashuvda mag‘lub bo‘lmasa, Rossiya chempioni unvoniga sazovor bo‘ladi.

Top