20:08 / 17.05.2015
2081

Nyu-Yorkdagi auksionda Elvis Presliga tegishli bo‘lgan 150 dan ortiq buyum sotildi

Nyu-Yorkdagi Julien’s Auctions auksion uyida “rok-n-roll qiroli” Elvis Presliga tegishli bo‘lgan 150 dan ortiq buyum sotildi.

Bu auksionda sotilgan Presliga tegishli eng ko‘zga ko‘rinarli buyumlardan biri gastrol avtobusi bo‘ldi. Qo‘shiqchi bu avtobusni 1976 yilda o‘zining sozandalari uchun sotib olgan edi. Barcha qulayliklarga ega bu transport vositasi 270 ming dollarga sotildi.

Presli ijrosidagi Love Me Tender qo‘shig‘i yozilgan oltin suv yugurtirilgan plastinka 125 ming dollarga sotildi.

Elvis Presli va Pristsila Byuli orasida turmush qurganlik haqidagi guvohnoma 40 ming dollardan ko‘proqqa sotildi.

Ikki hafta davom etgan auksionda boshqa qo‘shiqchilarga tegishli bo‘lgan buyumlar ham sotildi. “Bittlz” guruhining a'zosi Jorj Xarrison o‘ynagan Maton Mastersound elektrogitarasi 500 ming dollarga sotildi.

Top