17:04 / 19.05.2015
10767

O‘zbekiston chegarachilari qirg‘izistonlik qonunbuzarlarni o‘qqa tutdi

O‘zbekiston chegarachilari joriy yilning 19 may kuni 2 nafar Qirg‘iziston fuqarolarini chegara hududida qonun talablariga bo‘ysunmaganligi uchun o‘qqa tutdi. Bu haqda Turmush nashri Qirg‘iziston chegara xizmati ma'lumotiga asoslanib xabar bermoqda.

Xabarlarga ko‘ra, qirg‘izistonlik fuqarolar o‘z avtomashinalarida Qadamjoy shahridan Qizil-Qiyaga tomon O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi tranzit yo‘li orqali borayotgan bo‘lgan. Ikki davlat kelishuviga muvofiq, tranzit yo‘lida ketayotgan avtomobil to‘xtashi mumkin emas.

Qirg‘iziston fuqarolari esa bu vaziyatda Kaptarxona (Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumaniga qarashli) aholi punkti hududida to‘xtab, o‘z mashinalariga 2 nafar qirg‘izistonlik ayolni olgan.

Voqeani kuzatib turgan o‘zbek chegarachilari mashinani to‘xtatishga urinishgan. Ammo qonunbuzarlar chegarachilar talabiga bo‘ysunishni istamasdan o‘z yo‘lida davom etgan. Mazkur vaziyatda o‘zbek chegarachilari qonunbuzarlar boshqaruvidagi avtomobilga qarata o‘t ochgan. Natijada qirg‘izistonlik 2 nafar shaxs yaralangan. Avtomashina “Ayrbas” qirg‘iz chegara punktiga qadar yetib kelgan va ularga qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ikki davlat tegishli organlari xabardor etilgan. Qirg‘iziston Respublikasi chegara xizmati O‘zbekiston tomoni bilan voqea sabablarini yana bir bor o‘rganish maqsadida uchrashuv o‘tkazishi aytilmoqda.

Top