23:53 / 21.05.2015
3661

Yamanlik xakerlar Saudiya Arabistoni hukumati saytlariga hujum qilishganini e'lon qilishdi

Yamanlik xakerlar Saudiya Arabistoni hukumati saytlariga muvaffaqiyatli hujum qilishganini e'lon qildi. Buning oqibatida ular qirollikning Tashqi ishlar, Ichki ishlar va mudofaa vazirliklari arxivlarida saqlangan “minglab o‘ta maxfiy hujjatlar”ni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan.

Gap maxfiy agentlar to‘g‘risidagi shaxsiy ma'lumotlar va aloqa usullari, Ar-Riyodning yuqori lavozimli amaldorlarining 1980-yillar boshidan yuritgan maxfiy yozishmalari haqida ketmoqda.

“Biz Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining yopiq tarmog‘iga, 3 mingta kompyuter va serverlarga kira oldik, minglab foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritdik. Biz elektron yozishmalar, minglab amaldorlar, turli xorijiy missiyalar diplomatlari haqidagi maxfiy fayllarga kira oldik”, deyilmoqda xakerlar bergan xabarda.

Ushbu hujumni amalga oshirgan “Yaman kiber-armiyasi” agar Ar-Riyod “Yamanda musulmonlarga qarshi hujum qilishni bas qilmasa” bu ma'lumotlarni bosqichma-bosqich internetga qo‘yib borishi bilan tahdid qilmoqda.

Guruhning aytishicha, qirollik saytlariga uyushtirilgan bu hujum guruh tomonidan amalga oshirilgan 2-chi muvaffaqiyatli operatsiya bo‘ldi hamda “Ansor Alloh” harakatining asoschisi “Said Badruddin al-Xusiy” deb nom oldi.

Avvalroq guruh Saudiya Arabistonining Yamandagi harakatlariga norozilik sifatida 14 aprelda Saudiya Arabistonining Al-Hayat gazetasi saytiga hujum uyushtirgan edi.

Top