17:16 / 22.05.2015
3177

Angrendagi pasport bo‘limi boshlig‘i tamagirlik ustida qo‘lga tushdi

Angren shahriga qarashli Krasnogorsk shaharchasi pasport bo‘limi boshlig‘i Hakimjon Haydarov fuqarolardan pora tama qilishda ayblanib qo‘lga olindi.

“Huquq” nashrida yozilishicha, Temur Volkov ismli fuqaro fuqarolik pasportini almashtirish uchun pasport bo‘limiga kelgan. Unga biometrik pasport juda zarur bo‘lgani uchun bo‘limning mutasaddi xodimlariga murojaat qilgan. Shunda Haydarov pasport tayyor bo‘lishiga ko‘p vaqt ketishini, ammo “xizmat haqi” evaziga jarayonni tezlashtirish mumkinligiga shama qilgan.

Haydarov qog‘ozga 100 AQSh dollari deb yozib, Volkovga ko‘rsatgan. Uning huzuridan chiqqan fuqaro kerakli joyga ariza bilan murojaat qilgan.
Murojaat asosida o‘tkazilgan tadbirda Haydarov xizmat xonasida 100 dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi sobiq pasport bo‘limi boshlig‘iga tegishli jazo tayinladi.

Top