09:05 / 22.05.2015
1769

Senatda Indoneziya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Indoneziya Respublikasi parlamenti Mintaqalar vakillari kengashi raisi Irman Gusman rahbarligidagi delegatsiya a'zolari 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashdi

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Indoneziya o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi. 

Indoneziya O‘zbekistonning Janubi-sharqiy Osiyodagi muhim va istiqbolli sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘zaro savdoni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish sohalarida ulkan imkoniyatlarga ega. 

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiyot va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni faollashtirish masalalarini muhokama qildi. Mehmonlar O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta'minlash, parlament vakolatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralariga yuksak baho berdi. 

"O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakat. Mamlakatingiz bilan barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiy jabhada o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Sayyohlik sohasi Indoneziya va O‘zbekiston hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridandir. Yurtingizda jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yashab ijod qilgan. O‘zbekistonga kelish, qadimiy shaharlaringiz va tarixiy obidalaringizni ziyorat qilish istagida bo‘lgan indoneziyaliklar ko‘p. Yurtingizdagi tinchlik-osoyishtalik, rivojlangan turizm infratuzilmasi buning uchun keng imkoniyat yaratadi", – deydi Irman Gusman. 

Indoneziya delegatsiyasi a'zolari O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi. Hazrati Imom majmuida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. 

Top