15:47 / 23.05.2015
2231

«Arsenal» muxlisi Buyuk Britaniya qirolichasidan o‘yinga chipta olib berishni so‘radi

«Arsenal» muxlisi Charli Pirs Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchidan «to‘pchilar»ning «Aston Villa»ga qarshi o‘tadigan Angliya kubogi finali o‘yiniga chipta olib berishini so‘radi.

Kassadan chipta sotib olishga ulgurmagan Pirs final o‘yiniga kirish maqsadida Bukingem saroyiga murojaat qildi, biroq xushmuomala tarzda rad javobini oldi.

«Qirolicha o‘zining sevimli klubi bo‘lgan ‘Arsenal"ga qiziqishingizni qadrlaydi va minnatdorchilik bildiradi. Sizning o‘zingiz va do‘stingiz Leo Merfi uchun ikkita chipta olib berish haqidagi murojaatingiz diqqat bilan ko‘rib chiqildi, biroq afsuski, Zoti Oliyalari Sizga yordam bera olmaydi», − deyiladi javobda.

Shuningdek, unga barcha yaxshi tilaklar izhor qilingan va baribir ushbu o‘yinni ko‘ra olishiga umid bildirilgan.

Qayd etish joizki, futbol qirolichaning azaliy hobbisi va u "Arsenal" muxlisi hisoblanadi. U birinchi marta 1953 yilda «Bolton» va «Blekpul» o‘rtasidagi futbol o‘yinini tomosha qilish uchun o‘yingohga tushgan.

Ma'lumot uchun, Angliya Kubogi finali 30 may kuni Londondagi «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etuvchi jamoalar – «Arsenal» va «Aston Villa» muxlislari uchun 25 mingtadan chipta ajratilgan.

Top