16:33 / 23.05.2015
2117

«O‘zvinosanoatxolding» 2015 yilda 132 ming tonna uzumni qayta ishlaydi

«O‘zvinosanoatxolding» kompaniyasi tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan 2013-2015 yillarda 2,6 ming gektar sanoatbop navli tokzorlar barpo etilib, ular maydoni 6,3 ming gektarga yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida kompaniya tomonidan uzumchilikni rivojlantirish, qayta ishlash korxonalarining xomashyo bazasini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida kengroq ma'lumot berildi, deb yozadi «Turkiston-Press».

Kompaniya tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan 25 ta artezian quduqlar qazilib, ishga tushirilishi natijasida yangi ekilgan 725,0 gektar maydondagi tokzorlar suv bilan ta'minlandi. Yangi tokzorlarda intensiv, tejamkor texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Bugungi kungacha 305 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etildi.

Kompaniya tizimidagi 41 ta qayta ishlash korxonalari tomonidan 2013 yilda 123,8 ming tonna, 2014 yilda 130,0 ming tonna uzum qabul qilinib, qayta ishlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 132,0 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Hozirgacha kompaniya tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida jami 598 gektar bog‘lar barpo etilib, 2014 yilda 3,5 ming tonna meva, bog‘-tok qator oralarida 10,2 ming tonna sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirildi.

Tizimdagi korxonalar tomonidan qoramolchilik komplekslari tashkil etilib, bugungi kunda 637 bosh qoramol boqilmoqda. Shuningdek, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik xo‘jaliklari ham tashkil etilgan. Bu mahsulotlar, avvalo, kompaniya tizimidagi korxona va tashkilotlar xodimlariga yetkazib berilsa, ortgani bozorga ham olib chiqiladi, deyiladi manba bergan xabarda.

Top