09:16 / 23.05.2015
3449

Povetkin Mayk Peresni birinchi raundning o‘zidayoq nokautga uchratdi

Moskvadagi “Rossiya” markaziy konsert zalida o‘ta og‘ir vazn toifasidagi WBC Silver chempioni 35 yoshli rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin va kubalik Mayk Peres o‘rtasidagi jang 1-raundning o‘zida, jang boshlangandan 1 daqiqa 31 soniya o‘tib, Povetkinning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bokschilar bir-birlarini uzoq “nishonga” olib turishmadi, Povetkin raqibiga yon tomondan zarba tushirdi. Oqibatda kubalik bokschi toyib ketdi va yana bitta shunday zarbadan keyin ringga yiqildi. Peres bunday og‘ir zarbani o‘tkazib yuborgach, o‘rnidan turishga muvaffaq bo‘ldi, biroq yana bitta mushtdan keyin uchrashuv referisi jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

“Rus Vityazi” jangdan keyin qo‘liga mikrofon olishi uchun hattoki nafasini rostlashiga ham to‘g‘ri kelmadi. U tomoshabinlarga bu jangdan biroz ko‘ngli to‘lmaganini, chunki u haqiqiy, murosasiz jangni kutganini aytib, o‘z muxlislariga minnatdorchilik bildirdi va ularni kelgusida ham chiroyli janglar bilan xushnud qilishga va'da berdi.

Ushbu boks kechasida o‘tgan boshqa janglarda ham rossiyaliklarning qo‘li baland keldi: birinchi og‘ir vanz toifasida WBC talqini bo‘yicha jahon chempioni Grigoriy Drozd polshalik bokschi Lukash Yanik ustidan texnik nokaut bilan 9-raundda g‘alaba qozonib, o‘z kamarini himoya qildi. Raxim Chaxkiyev esa amerikalik Junior Entoni Rayt ustidan g‘alaba qozonib, birinchi og‘ir vazn toifasida IBO chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Ma'lumot uchun, kubalik Peres boshqa bir rossiyalik bokschi Magomed Abdusalamov bilan jangida raqibiga bosh miya og‘ir jarohatlarini yetkazgani bilan tanilgan.

Endilikda Povetkin hisobida 29ta g‘alaba va Vladimir Klichkodan uchralgan bitta mag‘lubiyat bor. Peresni mag‘lub etish evaziga rossiyalik bokschi WBC talqini bo‘yicha chempionlik unvoni uchun amerikalik chempion Deontey Uaylder bilan jang o‘tkazishga rasmiy da'vogar huquqini qo‘lga kiritdi.

Top