12:09 / 24.05.2015
2641

Angliya banki Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi ehtimoli oqibatlarini maxfiy ravishda tadqiq etmoqda

Angliya banki Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi ehtimoli oqibatlarini maxfiy ravishda tadqiq etmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, Angliya banki matbuot xizmati tadqiqot rejalariga doir Project Bookend deb nomlangan xatni xatolik sabab The Guardian gazetasi muxbiriga yo‘llab qo‘ygan.

Nashr shu zahoti ushbu xatga asoslanib maqola chop etgan. Unda qayd etilishicha, Angliya bankining aksariyat xodimlari ushbu tadqiqot haqida bilmasliklari lozim edi.

Bundan tashqari Bank tadqiqotdan boxabar xodimlarga matbuot va boshqa qiziquvchilarga shunchaki Yevropa bozori tadqiqoti bilan shug‘ullanilayotganiga haqida aytish va tafsilotlarga berilmaslikni tavsiya qilgan.

«Matbuot xizmatining xatosi, katta ehtimol bilan, Angliya banki rahbari Mark Karniga qimmatga tushishi mumkin. Avvalroq u Bank o‘z qarorlarini qabul qilishda yanada ochiq va shaffof bo‘lishga va'da bergandi», – deyiladi The Guardian xabarida.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqishi ehtimoli haqidagi muhokamalar 2015 yil mayida, parlament saylovida konservatorlar g‘alaba qozonganidan so‘ng yangi to‘lqin bilan jonlandi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron ushbu masalani umumxalq muhokamasiga qo‘yish niyatida ekanligini bir necha bor ta'kidlagan – bu uning saylovoldi asosiy va'dalaridan biri edi.

Mazkur masala yuzasidan Buyuk Britaniyadagi referendum 2017 yilda o‘tkazilishi kutilmoqda. Qayd etish joiz, shu vaqtgacha Yevropa Ittifoqiga a'zo hech bir mamlakat undan ajralib chiqmagan.


Top