20:06 / 26.05.2015
2950

“Keles” temir yo‘l bojxona postida noqonuniy kosmetik vositalar ushlab qolindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi kosmetik vositalar, parfyumeriya mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Jumladan, “Keles” temir yo‘l bojxona posti xodimlari “Moskva-Toshkent” yo‘nalishidagi yuk poyezdi orqali fuqaro A.Yulchiyev (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan umumiy qiymati 41,5 mln. so‘mlik turli tovar-moddiy boyliklarni, shu jumladan 1223 dona parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini yashirin ravishda olib kirilishining oldini olishdi.

Olingan tezkor ma'lumotlar asosida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari va huquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda fuqarolar M.Asadov va A.Turdiyevlar boshqaruvidagi “Damas” va “Kobalt” avtomashinalari to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinalarda horijda ishlab chiqarilgan 8 turdagi salkam 2,5 ming dona kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari noqonuniy ravishda olib ketilayotganiligi fosh etildi. Yuk egalari qiymati 35 mln. so‘mlik ushbu tovarlarning sifati va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olishmadi.

Shuningdek, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi xodimlari tomonidan “Seul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan namanganlik Sh.Samandarovning qing‘ir qilmishlariga nuqta qo‘yildi. Qarangki, bu shaxs yuklari orasiga 159 dona kosmetika vositalarini yashirgan holda respublikamiz hududiga olib kirishni ko‘zlagan ekan.

Bundan tashqari, Moskvadan uchib kelgan qashqadaryolik A.Komilov 130 dona, surxondaryolik N.Lutfullayeva esa 66 dona kosmetika va parfyumeriya vositalarini bojxona bayonnomasida va og‘zaki so‘rovlar paytida ma'lum qilmasdan turib, olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.  

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Yana bir holatda esa poytaxt bojxonachilari tomonidan huquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda noqonuniy ravishda saqlanayotgan parfyumeriya mahsulotlarining yashirin “ombor”ini fosh qilishdi. Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro U.Razzoqovaning xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bu yerda fuqaro O.Yuldashevga tegishli 27 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi 17 turdagi 961 dona horijda ishlab chiqarilgan parfyumeriya vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotganligi ma'lum bo‘ldi. Surishtiruvlar chog‘ida yuk egasi O.Yuldashev ushbu tovarlarga tegishli  bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim eta olmadi.

Mazkur holat bo‘yicha sud qarori bilan huquqbuzarga nisbatan tegishli jazo qo‘llanilib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan tovarlar davlat egaligiga o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, parfyumeriya va kosmetika vositalari Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasiga iste'mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2013 yil 13 maydagi 127-sonli qaroriga muvofiq davlat tilida markalanishi shart bo‘lgan iste'mol tovarlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, bu turdagi tovarlar Vazirlar Mahkamasining «Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2011 yil 28 apreldagi 122-son Qaroriga binoan, majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulot turlari ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Shu o‘rinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-76 va 120-86-30 ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatadi. Murojaatlar anonimligi kafolatlanadi.

 

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

va “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmatlari

Top