23:11 / 27.05.2015
4638

Polshaning yangi prezidenti tomonidan inkor qilingan Poroshenko Polshaga borish fikridan qaytdi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Varshavada futbol bo‘yicha Yevropa Ligasining “Dnepr” va “Sevilya” o‘rtasidagi final uchrashuviga bormaydigan bo‘ldi. Ukraina rahbariga maydonda Polshaning na yangi prezidenti, na eski prezidenti hamrohlik qilishni istamadi.

Polshaning yangi prezidentining matbuot kotibi “Prezident Poroshenko Polshaga safarini bekor qildi”, deb xabar berdi.

Ukraina prezidenti “Dnepr” va “Sevilya” o‘rtasidagi “asr uchrashuvi”ga kelishni mo‘ljallagan edi. U maydondan turib Polshaning yangi prezidenti Anjyey Duda bilan ukraina klubiga muxlislik qilmoqchi edi, u bilan aloqalar o‘rnatib, yuzma-yuz gaplashmoqchi edi.

Biroq Duda Poroshenko bilan uchrashuv haqida oldindan ogohlantirib qo‘yilmagan, shuning uchun u bundan xabar topgach, bandligini aytib, Poroshenko bilan uchrashishdan bosh tortgan.

Poroshenko Duda tomonidan ko‘rsatilgan bee'tiborlik tufaylimi yoki boshqa sabablarga ko‘ra Polshaga borish fikridan qaytdi.

Poroshenkoning bu qarori ukrainalik futbolchilarni qattiq ranjitishi mumkin, chunki Ukrainada shunday irim bor: agar mamlakat prezidenti o‘yinga tashrif buyursa, jamoaga omad kulib boqadi.

Avvalroq Poroshenko Polshaga mamlakatning yangi prezidenti bilan uchrashish maqsadida tashrif buyurishi, undan keyin Yevropa Ligasining final uchrashuviga borishi ma'lum qilingandi.

Top