21:31 / 28.05.2015
4011

Dunyoning eng keksa egizak odamlari bir oy farq bilan vafot etishdi

Buyuk Britaniyada dunyoda eng keksa yoshdagi bir tuxum hujayradan dunyoga kelgan egizaklar, opa-singil Florens Devis va Glenis Tomas vafot etdi. Bu haqda The Daily Mail nashri xabar bermoqda. Nashrning ta'kidlashicha, opa-singil Devis va Tomas 103 yoshida bir oy farq bilan dunyodan ko‘z yumishdi.

Egizaklar 1911 yilda, “Titanik” kemasining halokatga uchrashidan bir yil avval dunyoga kelishgan. Ular ikkita jahon urushi, fuqarolik huquqi uchun harakat, transport va texnologiyalardagi taraqqiyotning guvohi bo‘lishdi. Opa-singillar bir-birlariga qo‘shni bo‘lib, yonma-yon yashashgan va hech qachon o‘zlarining Janubiy Uelsdagi Abertridur qishlog‘idagi uylarini tark etishmagan. Ular uylari oshxonasidan ochilangan eshik orqali bir-birlarinikiga kirib turishgan.

Tomas 23 aprelda, Devis 20 mayda vafot etdi. “Ular oddiy hayot kechirganlar, hech qachon xorijga bormaganlar, ular birga bo‘lganlaridan doimo baxtiyor bo‘lganlar”, deb aytmoqda Tomasning qizi, 65 yoshli Gvenda Steysi.

Tomas o‘z ortida bir qiz, 3 nabira, 9 evara va bir nafar chevara, Devis esa 3 farzand, 9 nabira va 12 evara qoldirib ketdi.

Avvalroq 73 yil birga hayot kechirgan er-xotin bir kunda 5 daqiqa farq bilan hayotdan ko‘z yumganlari ma'lum qilingandi.

Top