22:30 / 28.05.2015
6545

Islom Karimovning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida qariyb 7,7 milliard AQSh dollariga teng 60 hujjat imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati qariyb 7,7 milliard AQSh dollariga teng 60 hujjat imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimizning Koreya Respublikasi mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qariyb 170 ming odam xoki qo‘yilgan Milliy yodgorlik majmuini ziyorat qilishi bilan boshlandi. 

Davlatimiz rahbari vatanparvarlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, Yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi.

Islom Karimov bilan Pak Kin Xening tor doiradagi muzokarasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 

Islom Karimov O‘zbekiston uchun Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sherik ekanini, ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorlikni yuksak qadrlashini alohida ta'kidladi. Janubiy Koreya yuksak darajada rivojlangan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida dunyoda e'tibor qozonganini qayd etdi. 

Pak Kin Xe Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Janubiy Koreyaga kelgani ushbu mamlakat xalqi uchun quvonchli voqea, tomonlarning oliy darajadagi an'anaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga qat'iy intilishi ifodasi bo‘lganini alohida ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi keng ko‘lam kasb etgan. Savdo, sarmoya, eksport-import, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta'lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan. 

Savdo-sotiq sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasida 1992 yildan buyon eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. O‘zbekistonda koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 412 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 68 tasi to‘la ushbu mamlakat kapitali asosida tuzilgan. Yurtimizda Janubiy Koreyaning 79 kompaniyasi vakolatxonalari ochilgan. 

2014 yili Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan bitim va kelishuvlar o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur'at bag‘ishladi. O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan oshdi. 

Muzokarada tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga, gumanitar aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. 


Uchrashuv yakunida Prezidentlar Islom Karimov va Pak Kin Xe o‘zaro hamkorlikning bugungi holatiga munosib baho berilgan va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. 
Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi tafsilotlari mazkur mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda. 


Top