16:58 / 28.05.2015
3058

O‘zbekiston Menzbir sug‘urlari soni 20 barobarga qisqarib ketdi

Oxirgi 20 yil ichida O‘zbekiston hududida tarqalgan Menzbir sug‘ularining soni 20 barobarga kamayib ketgan. Chotqol davlat qo‘riqxonasining ma'lum qilishicha, ko‘rsatilgan davrda noqonuniy ovchilik faoliyati oqibatida sug‘urlar miqdori 100 mingdan 5-7 mingga tushib ketgan.

Qo‘riqxona mutaxassislari o‘tkazgan monitorning tahlillari natijasida respublika Qizil kitobiga kiritilgan ushbu jonivorlar miqdorini tez sur'atlarda kamayib borayotgani aniqlandi. Qo‘riqxona katta ilmiy xodimi Yelena Bikovaning so‘zlariga qaraganda, Menzbir sug‘urlari tarqalgan hududning eng katta qismi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi, bu esa mamlakat biologlari va ekologlari zimmasiga ushbu turni saqlab qolish masalasida alohida mas'uliyat yuklaydi.

Sug‘urni ovlash uchun 13 ming dollar jarima belgilangan. Lekin, Bikovaning aytishicha, ovchilardan tashqari, chorvadorlar tomonidan qo‘riqxona hududiga qo‘y suruvlarining o‘tlatilishi va buning oqibatida atrof muhitning ifloslanishi ham sug‘urlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Top