18:19 / 28.05.2015
2800

Toshkent hayvonot bog‘iga botanika bog‘idan 15 ga yer ajratib berilishi mumkin

Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida unga qo‘shni bo‘lgan boshqa muassasa – botanika bog‘ining 15 ga hududi hayvonot bog‘iga qo‘shib berilishi mumkin.

Toshkent botanika bog‘i ilk bora 1985 yilda hududining bir qismidan judo bo‘lgandi. O‘shanda uning 88 ga hududining 24 ga si ajratib olingan edi. Keyingi yillarda jahonning eng yaxshi botanika bog‘laridan biri bo‘lmish Toshkent botanika bog‘i Fanlar Akademiyasi tizimidagi mustaqil muassasa maqomini yo‘qotdi. Dastlab u botanika instituti tarkibiga qo‘shildi. Botanika va zoologiya institutlari qo‘shilgach, botanika bog‘i o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi instituti tarkibiga kirdi.

2004 yili esa “Muhofaza qilinuvchi tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq botanika bog‘i muhofaza qilinuvchi hududlar sirasidan chiqarildi.
Botanika bog‘ining bir qismini hayvonot bog‘i foydasiga iste'moldan chiqarish masalasi 2013 yilning aprelida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilgan edi. Ammo bu ish amalga oshirilmagandi. Endi botanika bog‘i hududini qisqartirish masalasi yana ko‘tarilmoqda.

Top