11:46 / 28.05.2015
2433

«Jizzax» MIZda tikuv dastgohlarini ishlab chiqaruvchi yangi qo‘shma korxona ishga tushdi

«Jizzax» maxsus industrial zonasida Juita Gulshana Invest O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi «O‘zbekengilsanoat» Davlat aksiyadorlik komaniyasi hamda Xitoy davlatining Zhejiand Juita Sewing Machine Co.LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Korxonaning umumiy loyiha qiymati 3 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lib, zamonaviy Yaponiya texnologiyasi asosida sanoatlashgan tikuv dastgohlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Korxona yiliga 15 ming dona sanoatlashgan tikuv dastgohlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkichni iste'molchilar talabidan kelib chiqqan holda 2—3 barobarga ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Hozirda «overlog», to‘g‘ri chok tikuvchi va «rasposhivalka» ya'ni mahkamlovchi chokli sanoatlashgan mashinalarning avtomatik va avtomatik bo‘lmagan turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

"Tayyorlanayotgan mahsulotlar uchun zarur bo‘ladigan ehtiyot va butlovchi qismlarning qariyb 50 foizini O‘zbekistonda ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Korxo­naning ishga tushirilishi natijasida 53 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ish o‘rniga ega bo‘lganlarning asosiy qismini kollej bitiruvchilari tashkil etmoqda", — deydi korxona ochilishida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Kenjayev.

Korxona jamoasi loyihaning ikkinchi bosqichida qo‘shimcha investitsiya kiritib, sanoatlashgan tikuv dastgohlarining asosi bo‘lgan korpuslarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.

Top