10:37 / 29.05.2015
2557

O‘zbekiston va Koreya “elektron hukumat”ni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilmoqda

O‘zbekiston va Janubiy Koreya elektron davlat xizmatlari yo‘nalishi bo‘yicha tajriba almashmoqda.

Yetakchilikni rivojlantirish bo‘yicha global dastur ishtirokchilari hozirda Koreya Respublikasida Rahbar shaxslarni tayyorlash bo‘yicha markaziy institutda tahsil olishmoqda. Bu uzoq muddatli ta'lim dasturi aprel oyidan oktabr oyigacha davom etadi va unda o‘zbekistonlik 13 nafar davlat xizmatchisi ishtirok etmoqda.

Birinchi 4 oyda o‘zbekistonlik vakillar Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vazirligi, Axborot jamiyati Milliy agentligi va Rahbar shaxslarni tayyorlash markaziy institutida innovatsion va ma'muriy tartibotlar siyosati, elektron davlat xizmatlari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan tanishadilar. Keyingi 2 oy davomida dastur tinglovchilari mahalliy IT-kompaniyalar, davlat tashkilotlari va universitetlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llash misollari haqida ma'lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lgan amaliy tayyorgarlik o‘tkaziladi.

Ushbu dastur 2014 yil aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Koreyaning Rahbar shaxslarni tayyorlash markaziy instituti o‘rtasida imzolangan hamkorlik haqidagi Memorandumga binoan davlat xizmatchilari malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Dastur “elektron hukumat” sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya loyihasining bir qismi hisoblanadi.

Top