08:38 / 30.05.2015
2161

O‘zbekiston U-19 BAA U-19 termasini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi

Osiyo Chempionati saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Jasur Abduraimov boshchiligidagi O‘zbekiston U-19 terma jamoasi 30 may kuni Birlashgan Arab Amirliklar U-19 terma jamoasiga qarshi o‘zining ilk nazorat uchrashuvini o‘tkazdi.
“Jar” stadionida o‘tgan bellashuv 3:2 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Birinchi bo‘limda Mirjahon Mirahmadov chap qanotdan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi. Tanaffusgacha hisob boshqa o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘lim ham o‘zbekistonliklar uchun omadli boshlandi. Raqib himoyachisidan chaqqonroq harakat qilgan Suhrob Nurillayev jarima maydoni ichida o‘zining aylanma zarbasi bilan darvozabonning uzoq burchagini nishonga oldi – 2:0.
Amirlik yoshlar oradan ko‘p o‘tmay hisobni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi. To‘p o‘ng qanotdan jarima maydoni ichiga yetkazib berilgan pallada raqib futbolchisi havodan kelayotgan to‘pni darvozaga kiritdi.
90-daqiqada Islom Qobulov hujumga o‘tib, raqib jarima maydoni chizig‘i ustidan xuddi ikkinchi golda bo‘lgani kabi burama zarba orqali darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Ammo uchrashuvda 3:1 hisobi ko‘p saqlanib qolgani yo‘q. Mehmonlar tezkorlik bilan hujumga o‘tishdi va hisobni bittaga qisqartirishdi.
Shu tariqa O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklar U-19 terma jamoasiga qarshi o‘zining ilk nazorat uchrashuvida 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, Jasur Abduraimov boshchiligidagi jamoamiz BAAga qarshi ikkinchi nazorat uchrashuvini 31 may kuni o‘tkazadi.
O‘zbekiston U18 - BAA U18 3:2.
Gollar: Mirjahon Mirahmadov (42), Suhrob Nurillayev (76), Islom Qobulov (90) - Zayid al Amri (86), Abdulrahmon Ashkariy (90+3)

Top