10:29 / 30.05.2015
5389

O‘zbekistonga Koreya Respublikasi banklarining 2,9 mlrd dollarlik investitsiya kreditlari jalb etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27−29 may kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi.

Tashrifning asosiy rasmiy tadbirlari 28 may kuni bo‘lib o‘tgan.

Prezidentlar avval tor doirada, so‘ngra kengaytirilgan tarkibda ochiqlik, o‘zaro ishonch va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama etdilar.

Koreya Respublikasi tomoni Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Janubiy Koreyaga kelgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Tomonlar ushbu tashrif oliy darajadagi an'anaviy muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘lganini va hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamjihatlikka yanada katta ahamiyat berish borasida ikki mamlakatning siyosiy xohish-irodasini namoyon qilganini, bu xalqlarimiz manfaatlariga mos ekanini ta'kidladi.

Prezidentlar o‘zaro ishonch – mustahkam hamkorlikning eng muhim omili ekanini alohida qayd etdilar.

Samarali va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari, shuningdek, muhokama etilgan mintaqaviy va xalqaro siyosiy muammolar bo‘yicha pozitsiya va yondashuvlar yaqinligini tasdiqladi

O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasining Koreya yarimoroli va umuman, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi har tomonlama chuqur o‘ylangan, tinchlikparvar va vazmin tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston Koreya Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tgan yili Drezden shahrida ilgari surilgan ikki Koreya davlati o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash hamda Koreya yarimorolining yadro qurolidan xoli maqomini ta'minlashga qaratilgan izchil va pragmatik «Tinchlik yo‘li bilan birlashish tashabbusi»ni ma'qullaydi.

Globallashuv asrida barcha davlatlarning bir-biriga bog‘liqligi inobatga olingan holda, tomonlar Janubiy Koreya rahbariyati ilgari surgan «Yevroosiyo tashabbusi» dolzarbligini qayd etdi va ushbu tashabbusni qadimiy Buyuk ipak yo‘lini zamonaviy sharoitlarda qayta tiklashga qo‘shilgan muhim hissa sifatida e'tirof etdi.

Tomonlar mazkur loyihani iqtisodiy hamkorlik va transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishning mavjud va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan xalqaro va mintaqaviy dasturlar bilan uzviy bog‘lash zarurligini qayd etdi.

Prezidentlar Markaziy Osiyoda suv resurslarini o‘zlashtirish va ulardan foydalanish masalasini mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlaridan kelib chiqib, umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiq maslahatlar o‘tkazish orqali hal etish kerakligini ta'kidladi.

Koreya Respublikasi rahbariyati O‘zbekiston Respublikasiga «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumini rivojlantirish va uning doimiy ishlovchi kotibiyatini ta'sis etish masalasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar parlamentlararo, jumladan, qonunchilik organlarida faoliyat olib borayotgan assotsiatsiyalar va do‘stlik guruhlari orqali amalga oshirilayotgan hamkorlik munosabatlarini yuksak baholadi.

2014 yilda ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli o‘zaro hamkorlikning istiqbolli sohalari belgilangan Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolangani muhim voqea bo‘ldi.

Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismidir.

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe investitsiya sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama etish doirasida O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi eng yirik sherigi ekani va O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘tgan 20 yildan ortiq vaqt davomida barqaror va izchil rivojlanib, ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotganini ta'kidladi.

Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikka erishilgani, qulay investitsiya muhiti yaratilgani, ta'lim sohasi, infratuzilmani rivojlantirish, sanoatni modernizatsiya qilish, zamonaviy qishloq xo‘jaligini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni yuksak baholadi. Koreya Respublikasi rahbarining ta'kidlashicha, global iqtisodiyotda murakkab vaziyat yuzaga kelganiga qaramasdan, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur'atlari keyingi o‘n yilda 8 foizdan ziyodni tashkil etayotgani tahsinga loyiqdir.

Pak Kin Xe Koreya Respublikasi hukumati O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirishini qayd etdi.

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmi barqaror yuksalib borayotgani va so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich muntazam 2 milliard AQSh dollaridan oshayotganini ta'kidladi. Shu munosabat bilan Janubiy Koreya tomoni O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida Koreya Respublikasi biznesining yirik savdo-investitsiya sherigi hisoblanishini qayd etdi. O‘zbekiston tomoni, avvalo, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy yuqori texnologiyalarni jalb etish tarafdori ekanini alohida ta'kidladi.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar barcha yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari belgilab berilgan Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Tashrif doirasida va bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Koreya biznes-forumi yakunlari bo‘yicha 60 bitim va shartnoma imzolandi. Ularning 55 tasi savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliyaviy-texnik hamkorlik sohasiga taalluqlidir. Investitsiyaviy hamkorlik sohasida 34 bitim, jumladan, neft-kimyo va kimyo sohasida 5 loyiha, avtomobil sanoatida 9, elektrotexnika sohasida 5 loyiha imzolandi. Ushbu bitimlar uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash, metanol va olefin olish uchun tabiiy gazni qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, azot kislotasini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, uch rusumdagi mashhur yangi zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi avlod avtomobil dvigatellari, transmissiyalari va butlovchi qismlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, zamonaviy maishiy elektrotexnika buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni qamrab olgan.

Farmatsevtika sohasida imzolangan 7 loyihada onkologik, endokrin, oftalmologiya, nafas olish organlari va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarini davolash uchun preparatlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Moliyaviy hamkorlik O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Tashrif doirasida bu borada Janubiy Koreyaning imtiyozli kredit resurslarini jalb etish bo‘yicha 7 bitim imzolandi. Sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish dasturlari doirasida ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun Koreya Respublikasi banklarining umumiy qiymati 2,9 milliard dollarlik uzoq muddatli investitsiya kreditlarini jalb etish bo‘yicha 6 bitim, «EDCF» fondining 33 million dollarga teng imtiyozli kreditini jalb qilgan holda, «Maktab ta'limida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha zayom bitimi ham imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida «EDCF» fondi liniyasi bo‘yicha imzolangan 2015−2019 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturida qiymati 415 million dollarlik uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni jalb etish orqali 6 loyiha, shu jumladan, Toshkent shahrida IV darajali zamonaviy ko‘p tarmoqli, yuqori darajada ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini, «elektron hukumat» tizimi ma'lumotlarini qayta ishlaydigan davlat markazini tashkil etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida suv resurslarini boshqarish tizimini joriy qilish loyihalarini hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qiymati 58 million dollar bo‘lgan grantlarni jalb etish orqali 11 loyihani amalga oshirishni nazarda tutgan. Toshkent aeroportini modernizatsiya qilish va yangi xalqaro terminal barpo etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish, quriladigan IV darajali zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar uchun yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash va tibbiyot uskunalariga xizmat ko‘rsatish markazlarini, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash markazlarini tashkil etish, zamonaviy axborot-resurs markazini qurish va jihozlash, elektron o‘qitish tizimini joriy etish hamda o‘quv-ilmiy laboratoriyalarni jihozlash orqali Toshkent axborot texnologiyalari universitetini rivojlantirish loyihalari shular jumlasidandir.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga paxta tolasi, rangli metallar, avtomobil kabellari, mineral o‘g‘it, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha yirik eksport shartnomalari imzolandi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi va O‘zbekiston uchun yangi, birinchi navbatda, qayta ishlash sanoati sohasidagi ustuvor loyihalar ro‘yxatini tuzish hamda ularni birgalikda amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yaqinda tasdiqlagan sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, davlat korxonalarini korporativ boshqarish va xususiylashtirish tizimini takomillashtirish dasturlari bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 26 may kuni Seulda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumida Janubiy Koreyadan 300 nafardan ziyod kishi, jumladan, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar, yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari, oliy o‘quv yurtlari, ekspert-tahlil markazlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Choy Kyong Xvan so‘zga chiqib, «O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi hamkorimiz hisoblanadi va bu mamlakatga investitsiya kiritish mumkin va kerak. O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni, avvalambor, mamlakatda amalga oshirilayotgan sanoatni yanada modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha strategik dasturlar, xususiylashtirish, ishbilarmonlik muhiti va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, korporativ boshqaruvni tubdan takomillashtirish dasturini qo‘llab-quvvatlash orqali rivojlantirish va mustahkamlashga qat'iy ahd qilganmiz», dedi.

Biznes-forumda «Lotte Kemikal» kompaniyasi prezidenti Xu Su Yong, «Korean Eyr» kompaniyasi prezidenti Chi Chang Xun, «Ji Em Koreya» kompaniyasi prezidenti Serjio Rocha, «Samsung Elektroniks» kompaniyasining katta vitse-prezidenti Ku In Choy, Eksimbank vitse-prezidenti Kim Yong Ki va boshqalar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatish tajribasi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida ma'ruza qildi.

Tashrif davomida madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qilish doirasida Toshkent shahrida Janubiy Koreya madaniyat va san'at uyini qurish hamda uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi. Bu O‘zbekiston – Janubiy Koreya do‘stligining yangi ramzi, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga intilishning timsoliga aylanadi.

Pak Kin Xe O‘zbekistonda yashayotgan koreys millati vakillariga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun Janubiy Koreya xalqi nomidan minnatdorlik izhor etdi.

«Xanjin» kompaniyasi bilan Inxa universitetining Toshkent shahridagi filialida yangi Logistika fakultetini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Prezidentlar ushbu tashrif davomida davlat, hukumat va idoralararo imzolangan salmoqli hujjatlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta'kidladi.

Prezident Islom Karimov tashrif doirasida 29 may kuni Koreya Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Choy Kyong Xvan, Janubiy Koreya gaz korporatsiyasi prezidenti Li Jong Xo, «Lotte grupp» kompaniyasi raisi Shin Dong Bin, «Lotte Kemikal» kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Xu Su Yong, «Xanjin grupp» va «Korean Eyr» kompaniyasi raisi Cho Yang Xo, Koreya Respublikasi Eksport-import banki prezidenti Li Duk Xun va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti Kim Yong Mokni qabul qildi. Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi spikeri Chon Iy Xva va deputatlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Top