11:09 / 02.06.2015
3713

Putin tomonidan erkinlikka qo‘yib yuborilgan “Kuzya” laqabli yo‘lbars kinoyulduzga aylandi

O‘tgan yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan erkinlikka qo‘yib yuborilgan Kuzya laqabli amur yo‘lbarsi avstraliyalik kino ustalari tomonidan suratga olingan “Putin yo‘lbarsi izlari ortidan” filmining bosh qahramoniga aylandi. Bu haqda “Feniks” ekologik jamg‘armasi direktori Sergey Bereznyuk ma'lum qildi.

“Film Xitoyda katta qiziqish uyg‘otdi”, deb ta'kidlamoqda Bereznyuk. Film namoyishidan tushgan daromad “Feniks” jamg‘armasi hisob raqamiga amur yo‘lbarslari va Uzoq Sharq leopardlarini muhofaza qilish dasturiga xayr-ehson sifatida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu pullarga brakonerlarga qarshi kurashuvchi xodimlar asbob-uskunalar va transport bilan ta'minlanadi.

Filmda Kuzyaning Xitoy bo‘ylab sayohati va mahalliy aholining “mehmonga” bo‘lgan munosabati haqida so‘zlanadi. Yo‘lbarscha 2014 yil kuzda Amur daryosini suzib o‘tib, Xitoy hududi bo‘ylab o‘z sayohatini boshlagan. Biroq Xitoy yo‘lbarsga xush kelmagan va u ortiga – Rossiyaga qaytib kelgan.

Yo‘lbars qo‘shni davlatda mehmon bo‘lgan paytida mahalliy tovuqxonalardan birini ostin-ustun qilib tashlagani aytilgan edi.

Kuzya 2014 yil may oyida yana ikkita yo‘lbars bilan erkinlikka qo‘yib yuborilgan edi. Bir oydan keyin yana ikkita yo‘lbars ularga qo‘shilgan. Kuzyaning birodarlari Ustin, Borya, Svetlaya va Ilona laqablari bilan nomlanishgan. Besh yirtqichdan 4 tasi yovvoyi tabiatga moslasha olgan, Kuzya bilan Xitoyga “mehmonga” borgan, yovvoyi tabiatga ko‘nika olmagan Ustin laqabli yo‘lbars esa Rostov hayvonot bog‘iga joylashtirilgan.

Top