08:32 / 03.06.2015
1917

2014 yilda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 410 mln dollarga o‘sgan

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2014 yilda 410 mln dollarni tashkil qildi. Bu esa 2013 yildagiga nisbatan 16,6 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari hamda Tashqi ishlar vaziri hisoblanadigan Rashid Meredov bilan uchrashuv chog‘ida ma'lum qildi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz qator global va mintaqaviy tuzilmalar doirasida xalqaro maydonda ham faol hamkorlik qilib kelayotgani ta'kidlandi.

Turkmaniston O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga amaldagi raisligini, shu jumladan, “Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakat dasturi”ning uchinchi bosqichi va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida qabul qilingan «Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Top