20:06 / 04.06.2015
2479

O‘zbekiston–Eron hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Eron hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, neft-gaz, kimyo, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, fan va texnologiyalar, transport va transport kommunikatsiyalari, bojxona, sayyohlik, elektrotexnika kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy sohalarda rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi. 

Ikki mamlakat ham savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. 2014 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 374,9 million, joriy yilning birinchi choragida 140,9 million AQSh dollarini tashkil qildi. O‘zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 120 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ushbu mamlakatning 8 yetakchi kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan. 

Transport-kommunikatsiya sohasi o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishidir. 2011 yilda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon temir yo‘l koridorini ishga tushirish bo‘yicha bitim imzolangani bunga misol bo‘la oladi. Majlisda ushbu loyiha Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. 

Hukumatlararo komissiya majlisida O‘zbekiston va Eron o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishdan, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi. Mamlakatlarimiz transport va transport kommunikatsiyalari, oziq-ovqat, meva-sabzavotchilik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, farmatsevtika kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi. 

Muzokarada Eron delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni, iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar natijalari, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. 

"Eron O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor bilan qaraydi. Bunday uchrashuvlar o‘zaro hamkorligimiz qamrovini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, O‘zbekiston bilan iqtisodiyot, sanoat, texnika va texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, yuk tashish xizmati, farmatsevtika kabi sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish niyatidamiz", – dedi Eron sanoat, konchilik va savdo vaziri, komissiya hamraisi Muhammadrizo Ne'matzoda. 

Muzokarada o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Savdo, iqtisodiyot, transport va tranzit, bojxona, fan va texnika, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik, bank-moliya kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shu kuni O‘zbekiston va Eron ishbilarmon doiralarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati, mavjud imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Top