16:15 / 04.06.2015
3623

«O‘zbektelekom» internet-xizmatlari narxini arzonlashtirdi

«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi 2015 yilning 2 iyunidan boshlab mijozlar uchun internet xizmatlari narxini arzonlashtirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida xabar berilgan.

Manbada yozilishicha, yangi tarifga ko‘ra 1 Mbit/s internet trafigi narxi 219,01 AQSh dollarni tashkil qilmoqda. Bu oldingi tarif rejasiga nisbatan taqqoslaganda 14 dollarga arzonroq degani.

Joriy yil hisobidan kompaniya 7 marotaba internet narxlarini arzonlashtirgandi. 1 yanvardan 259,29 dollar, 7 yanvardan 257,42 dollar, 8 yanvardan 253,74 dollar, 22 yanvardan 251,94 dollar, 27 fevraldan 240,2 dollar va 17 martdan 233,27 dollargacha narxlar arzonlashgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil boshida internet tariflari narxi 1 Mbit/s. 306 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, yil so‘nggiga kelib bu ko‘rsatkich 265 dollargacha qisqargandi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, «O‘zbektelekom» AK internet provayderlari uchun Uzonline nomi ostida internet xizmatlarini taklif etib kelmoqda.

Top