21:02 / 04.06.2015
2664

Toshkentda sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash bo‘yicha VIII Toshkent xalqaro forumi boshlandi

“Saipro” axborot-reyting agentligi tomonidan Bosh Arab sug‘urta federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalqaro moliya institutlari, sug‘urta, lizing, auditorlik va investitsiya kompaniyalari, reyting agentliklari, vazirlik hamda idoralar, jamoat tashkilotlarining 200 nafardan ortiq vakili ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamuratov, moliya vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupov, Bosh Arab sug‘urta federatsiyasi departamenti direktori Mag‘diy Farg‘al Muhammad, “Saipro” axborot-reyting agentligi bosh direktori R.Jo‘rayev va boshqalar Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida O‘zbekiston iqtisodiyotida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan tarkibiy tub o‘zgarishlar o‘zining salmoqli natijalarini berayotganini ta'kidladi. 

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlik va qulay sarmoyaviy muhit samarasida aksariyat davlatlar, nufuzli moliya muassasalari mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilmoqda. 

Sug‘urtalash sohasida ham barqaror iqtisodiy o‘sish tendensiyasi kuzatilayotir. Qonunchilik bazasining takomillashtirilib, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, investitsiyalar hajmi oshayotgani va aholi farovonligining yuksalayotgani mamlakatimiz sug‘urta bozorini rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Bugun O‘zbekistonda o‘ttizdan ortiq sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy kapitali 870 milliard so‘mdan oshadi. 2014 yilda mamlakatimiz sug‘urtachilari tomonidan umumiy qiymati 440 milliard so‘mdan ziyod sug‘urta mukofotlari yig‘ildi. Joriy yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 134,1 milliard so‘mni tashkil qildi. Jadal rivojlanayotgan sug‘urta bozorida sakkiz yildan buyon barqaror o‘sish sur'atlari kuzatilayotir. 

"O‘zbekistonda aholi o‘rtasida sug‘urtani targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu sug‘urta biznesini rivojlantirishga yordam bermoqda. Davlatning ushbu jarayonda ishtirok etayotgani amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligining bosh omilidir. O‘zbekiston sug‘urta bozori ulkan salohiyatga ega va kompaniyamiz o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan", – deydi “Skala Straxovoy Broker” kompaniyasi bosh direktori Aleksandr Tsikalo (Rossiya). 

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususiylashtirish jarayoni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy, “Jizzax” va “Angren” maxsus industrial zonalaridagi imtiyoz va preferensiyalar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan kompaniyalari faoliyati bilan atroflicha tanishtirildi. 

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda barcha sohalar qatori bank-moliya yo‘nalishida ham barqaror o‘sish sur'atlariga erishilayotganini qayd etdi. So‘nggi yillarda “Moody’s”, “Standard & Poor’s” va “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentliklari O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini “barqaror” deb tasdiqlamoqda. 

Forum dasturidan mamlakatimiz va o‘nlab xorijiy davlatlarning yetakchi sug‘urta kompaniyalari vakillarining ma'ruza va taqdimotlari o‘rin olgan. Ularda milliy va xalqaro sug‘urta bozorlarining bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining sarmoyaviy imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. 

"O‘zbekiston Sug‘urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. O‘zbekistonlik sheriklar taklifi bo‘yicha mamlakatingiz sug‘urta bozorini o‘rganmoqdamiz. Ushbu sohani barqaror rivojlantirish natijasida samarali hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochiladi. O‘zbekiston sug‘urtachilari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz", – deydi Iordaniya Sug‘urta federatsiyasi kengashi a'zosi, “Medgulf” sug‘urta kompaniyasi bosh menejyeri Abdul Javod A'lo Aziz. 

Forum O‘zbekiston va xorijiy sug‘urtalash hamda qayta sug‘urtalash bozorining yetakchi ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga yordam beradi. 

Top