09:42 / 05.06.2015
2039

O‘zbekistonlik yengil atletikachi Yekaterina Voronina Osiyo chempioni bo‘ldi

Xitoyning Ushan shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining ikkinchi kunida yettikurash bahslari bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchi qiz Yekaterina Voronina terma jamoa hisobiga ikkinchi oltin medal olib keldi.

Birinchi kungi bahslardan keyin u ikkinchi bo‘lib turgandi. Yakunda esa u 5689 ochko jamg‘argan holda barcha raqibalaridan o‘zib ketdi. Shu tariqa Voronina ham avgust oyida Pekinda o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. 

Shuningdek, 5000 metrga yugurishda Marina Xvelevskaya sakkizinchi, Anrey Petrov oltinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Suxrob Xo‘jayev bosqon uloqtirishda 72.63 metr natija qayd etib, to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Artem Dyaltov 400 metrga to‘siqlar osha yugurishda 52,10 soniya natija bilan final yo‘llanmasiga ega bo‘lolmadi.

Eslatib o‘tamiz, turnirning birinchi kunida balandlikka sakrash bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada eng yuqori (1 m. 91 sm.) natijani qayd etgan Svetlana Radzivil medallari kolleksiyasiga Osiyo chempionatining navbatdagi oltin medalini qo‘shib qo‘ygandi.

Top