19:36 / 05.06.2015
3186

Tojikiston ichki ishlar vaziri ShHTga nisbatan terrorizm tahdidi ortayotganini ma'lum qildi

Shanxay hamkorligi tashkiloti mamlakatlariga xorijdan terrorizm tahdidi kuchaymoqda. Bu haqda ShHTning xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishi chog‘ida Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda ma'lum qildi.

"Hududlarimizga Yaqin Sharq, Afg‘oniston va Iroqdan jangarilar kirib kelishi ehtimoli saqlanmoqda", deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "IShID", "Al-Qoida", "Tolibon" va "Birodar musulmonlar" kabi terroristik guruhlar ShHT davlatlarining xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.

Rahimzodaning qayd etishicha, Afg‘oniston hududida giyohvandlik moddalarining yetishtirilishi ortgani terrorchilarning moliyaviy jihatdan ta'minlanib, faollashishiga imkon bermoqda. U Tojikiston tomoni keyingi 15 yil ichida mamlakat hududidan olib o‘tishga harakat qilingan 150 tonnadan ortiq giyohvand moddalarni to‘xtatib qolganini va 70 milliondan ortiq kishini og‘udan zaharlanishdan saqlaganini bildirib o‘tdi.

"Bu boradagi yana bir asosiy muammo Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi vakillarining jangarilar tomonidan yollanishi bo‘lmoqda", deydi u.

Top