14:11 / 06.06.2015
5651

“Barselona” va “Yuventus” tarkibida to‘p surgan futbolchilar

Bugun 6 iyun kuni klublar o‘rtasidagi eng kuchli musobaqa hisoblangan Chempionlar ligasi finali bo‘lib o‘tadi. Unda Ispaniyaning "Barselona" klubi Italiyaning "Yuventus" jamoasiga qarshi to‘p suradi. Ikki jamoa ham bu musobaqagacha o‘z mamlakat chempionati hamda kubogida zafar quchib ulgurgan. Bugun o‘z futbolchilik faoliyati davomida ikki jamoa tarkibida ham to‘p surishga ulgurgan 8ta futbolchini eslab o‘tamiz.

Mikael Laudrup 

80 yillarda “turinliklar” tarkibida Mishel Platinining o‘rnini bosa olmagan bo‘lsa-da, “Barselona” tarkibida yetakchi o‘yinchi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. U “kataloniyaliklar” bilan 4 marotaba Ispaniya chempioni hamda Yevropa chempionlar kubogini qo‘lga kiritdi. So‘ngra “Real Madrid” tarkibiga o‘tib ketgan.

 

Xuan Pablo Sorin

O‘smirlar o‘rtasidagi 1995 yilgi jahon chempionatida ajoyib o‘yin ko‘rsatib, Argentinadan “Yuventus”ga kelib qo‘shildi. Biroq jamoa safida 2ta uchrashuv o‘tkazdi, xolos. 7 yil o‘tgach, Sorin Braziliya ligasining yulduziga aylandi hamda 2003 yilda “Barselona” tarkibida ijara asosida o‘ynadi. Biroq bu safar ham kutilayotgan o‘yinni ko‘rsata olmadi.

 

Edgar Davids 

“Yuventus” tarkibida o‘zining eng yaxshi 7 mavsumini o‘tkazgan Davids, faoliyatining so‘nggi 6 oyini “Barselona” tarkibida o‘tkazdi. Futbolchi “kataloniyaliklar”ning musobaqa jadvalidagi yuqori o‘ringa ko‘tarilishiga o‘zining hissasini qo‘shdi.

 

Djanluka Dzambrotta

O‘z davrining eng kuchli qanot himoyachilaridan biri bo‘lgan Djamrotta 2006 yilda kelishigan o‘yinlarda ayblanib, B seriya tushirib yuborilgan “Yuventus”ni “Barselona”ga almashtiradi. Futbolchi “kataloniyaliklar” tarkibida 2 mavsumni o‘tkazadi.

 

Terri Anri

Anri Anchelotti qo‘l ostida “Yuventus” tarkibida bir mavsumni o‘tkazib, “Arsenal”ga yo‘l oladi. “Kanonirlar” tarkibida fransiyalik futbolchi dunyoning eng kuchli o‘yinchilaridan biri bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. 2007 yilda “Barselona” tarkibiga o‘tadi. U yerda “Arsenal” tarkibidagi o‘yinini namoyish etmagan bo‘lsa-da, jamoa bilan Chempionlar ligasini qo‘lga kiritadi.

 

Lilian Tyuram

Djanluidji Buffon bilan bir mavsumda “Yuventus”ga kelib qo‘shilgan Tyuram “turinliklar” safida 5ta ajoyib mavsumni o‘tkazadi. Futbolchi jamoa bilan 3 marotaba Italiya A seriyasida chempionlikni qo‘lga kiritadi. 2006 yilda 34 yoshli himoyachi “Barselona” tarkibiga o‘tadi va u yerda 2 mavsumni o‘tkazadi.

 

Zlatan Ibragimovich

B seriyaga tushirib yuborilgan “Yuventus” tarkibida to‘p surishni istamagan Ibragimovich Italiyaning boshqa bir jamoasi – “Inter” tarkibiga o‘tdi. 3 yil o‘tib, “Barselona” “Inter”ga shvetsiyalik futbolchi uchun 46 mln yevro, Eto’o hamda Aleksandr Glebning transfer huquqini beradi. “Kataloniyaliklar” tarkibida Gvardiola hamda Messi bilan kelisha olmay, “Milan”ga o‘tib ketadi.

 

Martin Kaseres

2008 yilda “Barselona” “Vilyarreal”dan Martin Kaserasni sotib oladi. Keyingi mavsumda futbolchi ijara asosida“Yuventus” tarkibida to‘p suradi. 2011 yilning yozida “Sevilya”ga o‘tadi. U yerda mavsumni to‘liq o‘tkazishga ulgurmay, yana “turinliklar” tarkibiga ijara asosida qaytib keladi. Oradan 6 oy o‘tgach, jamoa bilan to‘laqonli shartnoma imzolaydi. Biroq turli jarohatlar sababli “Yuventus”ning asosiy tarkibidan joy egallay olmaydi. 

Top