17:16 / 08.06.2015
3089

Buxoroda Orol muammosi muhokama qilindi

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Buxoro viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Buxoro davlat universiteti tomonidan Orol dengizi mintaqasida yuzaga kelgan ekologik ofatning atrof-muhitga ta'siri va uni bartaraf etish masalasiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Orolning qurigan tubidan atmosferaga ko‘tarilgan katta miqdordagi chang va tuzlar yaqin va olis mintaqalarga tarqalmoqda. Mutaxassislarning fikricha, buning oqibatida Buxoro viloyati ekinzorlariga har yili gektariga o‘rtacha 250-400 kilogrammgacha modda kelib tushadi. Ular dalalar unumdorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bunday tuzlar, ayniqsa, tarixiy-me'moriy obidalar sirtiga putur yetkazmoqda.

Konferentsiyada iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanishga qarshi kurashish, suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalasi keng muhokama etildi.

«Suv tanqisligi sharoitida uni tejab-tergash ham iqtisodiy, ham ekologik ahamiyat kasb etadi. Masalan, namni tuproqda uzoq saqlashga qaratilgan agrotexnik tadbirlar, ekinlarni tomchilab sug‘orish bilan bir qatorda mamlakatimiz olimlari tomonidan yaratilgan gidrogellarni qo‘llash ham yaxshi samara bermoqda. Bugungi kunda qator tumanlar, jumladan, Qorovulbozorda suvni tejovchi gidrogellarni ilmiy asoslangan holda tatbiq etishda yaxshi tajriba to‘plandi», – deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti Ravshan Yunusov.

Iqlim o‘zgarishi va Orol muammosi sharoitida biologik xilma-xillikni asrash masalasi, shuningdek, bu borada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish bilan cheklanmasdan, ulardagi turlar soni va holatini aniqlash, ilmiy o‘rganish maqsadida to‘laqonli xatlovdan o‘tkazish, hududning oldiga qo‘yilgan vazifalar qay darajada bajarilayotganini baholash, ayni paytda o‘simlik va hayvonot olami kadastrini yaratish zarurligi ta'kidlandi.

Top