21:08 / 09.06.2015
4404

Kiyev viloyati hududidagi neft omborida chiqqan katta yong‘inga qarshi kurash vaqtida 3 nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi

9 iyunga o‘tar kechasi Ukrainaning Kiyev viloyatidagi Kryachki qishlog‘ida joylashgan "BRSM-neft" bazasida katta yong‘in boshlandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘inga ushbu neft omborida mahsulotlar eski usullarda qayta ishlanishi tufayli komponentlarni aralashtirish jarayonida sodir bo‘lgan kimyoviy reaksiya sabab bo‘lgan. Hududda hovuz bo‘lmagani va yong‘inga qarshi tayyorgarlik yo‘qligi tufayli olov tarqalib ketgan.

Shu vaqtgacha voqea joyida bo‘lgan xodimlardan ikki nafarining o‘limi qayd etilgan, 14 nafari jarohatlangan. Shuningdek, uch nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan.

Yong‘in ro‘y bergan hudud atrofidagi 2 kmmasofada yashaydigan aholi ko‘chirilgan.

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov yong‘in chiqqan hududda ehtimoliy yong‘inga qarshi yetarlicha tayyorgarlik bo‘lmagani yuzasidan jinoiy ish ochilishini ma'lum qilgan.

Arsen Avakovning aytishicha, keyingi 12 soat ichida yong‘in bartaraf etiladi. Atrofdagi boshqa obektlarga yong‘in tarqalishi xavfi mavjud emas.

Voqea joyiga Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko yetib borgan. U mutaxassislarga asoslanib, yong‘in hududidagi havoda zaharli moddalar yo‘qligini ma'lum qilgan.

Bundan biroz oldinroq, Kiyev shahri aholisi havoda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaharlarga qarshi maxsus niqoblar taqishni boshlashi mumkinligi xabar qilingandi.

Top