12:56 / 09.06.2015
20376

O‘zbekistondan valyuta olib chiqish tartibi o‘zgartirildi

Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan regulyatorning jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston hududidan chet el valyutasi olib chiqilishiga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi yangi Nizom tasdiqlandi. Bundan buyon 2003 yili qabul qilingan Nizom kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
2 ming dollar ekvivalentiga teng miqdordagi chet el valyutasini mamlakat tashqarisiga ruxsatsiz olib chiqish mumkin. Bundan ortiq summani – Markaziy bank yoki mas'ul banklar ruxsati bilan, 5 ming dollardan ziyod summani – faqat Markaziy bank ruxsati bilan olib chiqish mumkin.

Aniqlanishicha, ruxsatnoma Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan chet elga chiqayotgan hukumat delegatsiyalari tarkibida, doimiy yashash maqsadida, komandirovkaga, o‘qish maqsadida, turizm, davolanish, qarindoshlarni ko‘rish, sport musobaqalari va h.k.lar uchun chiqayotgan shaxslarga taqdim etiladi.

Bunday ruxsatnomani olish uchun jismoniy shaxslar Markaziy bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- belgilangan shakl bo‘yicha murojaatnoma, unda ism-sharif, pasport ma'lumotlari, davlat va shahar nomi, chet el valyutasining shakli va hajmi, chet elga chiqish maqsadi va muddatlari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak – ilgarigi nizomda aniq shakl belgilab berilmagan edi;
- pasport nusxasi, unda quyidagi ma'lumotlar aks etishi kerak: seriya, raqam va berilgan vaqti; pasportni bergan organ; O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini beruvchi muhr (agar talab qilinsa); chet el davlatiga kirish vizasi (agar viza tartibi joriy qilingan bo‘lsa); O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi muhr;
- O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini beruvchi ruxsatnoma nusxasi (agar talab qilinsa) – ilgarigi Nizomda bunday hujjat ro‘yxatdan o‘rin olmagan edi;
- naqd xorijiy valyutasining manbasini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
- hukumat delegatsiyasi tarkibida chiqayotgan shaxslar uchun – Vazirlar Mahkamasi farmoyishidan nusxa;
- chet elga chiqish maqsadini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Murojaatnoma kelib tushganidan boshlab 10 kun ichida ko‘rib chiqilib, unga javob beriladi, ya'ni murojaat etuvchiga ruxsat beriladi yoki, aksincha, murojaat qaytarib yuboriladi. Eski Nizomga muvofiq, ko‘rsatilgan muddatda murojaatnoma faqatgina ko‘rib chiqilishi talab etilar edi.
Bank tomonidan ruxsat berilishi uchun asos bo‘lib Nizomda ko‘rsatilgan maqsadlarda chet elga chiqish va barcha so‘ralgan hujjatlarni taqdim etish xizmat qiladi. Bu asoslardan birortasi bajarilmagan taqdirda, ruxsatnoma taqdim etilmaydi.

Top