09:04 / 10.06.2015
6540

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari Oliy ta'lim muassasasiga kirishda pora berilishini muhokama qilishdi

“Jamoatchilik nazorati” guruhi ishtirokchilari internetda “Oliy ta'lim muassasasiga pora bermasdan kirish mumkinmi?” degan mavzu bo‘yicha bahs-munozara tashkil etishdi.

Mavzu muallifini turli OTMlarga kirish uchun narxlarning ochiqchasiga muuhokama qilinishi hayratga solmoqda va u “OTMga haqiqatan ham pul bermasdan kirib bo‘lmaydimi?” degan savol bilan murojaat qilmoqda.

“Yaqinda barcha abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun OTMlarga imtihon topshirish kuni yetib keladi. Men ham ota bo‘lganim uchun, ko‘pincha “Kimga qancha berish kerak?” degan savolni eshitaman. Nahotki (yoki ko‘pchilik shunday o‘ylaydi) OTMlarga pora bermasdan kirib bo‘lmaydi, deb o‘ylashsa? Bu illatni yo‘qotish uchun jamoatchilik nazoratining qanday tirgaklarini ishga solish kerak?”, deb yuzlanmoqda guruh ishtirokchisi Jahongir Usmanov.

Mavzu ancha munozaralarga sabab bo‘ldi va bu masala xususida turli qarashlarni to‘pladi. Ajablanarlisi, guruh ishtirokchilarining aksariyati OTMlarga pora evaziga kirish holatlari ko‘pligi, o‘z kuchi bilan kirganlar esa kam uchrashini ta'kidlamoqdalar. Bu vaziyatga sabablar ko‘pligi aytilmoqda.

Uvasiy Hikmatova: “Afsuski, hozirda ko‘pchilik pul evaziga o‘qishga kirmoqda. Misol uchun, mening tanishlarimning qizi yuridik kollejga 500 dollarga o‘qishga kirdi. Bizda hattoki yuridik, diplomatiya va boshqa nufuzli kollejlarga kirish uchun ham pul to‘lash kerak”.

“Maktabda yoki litseyda yaxshi o‘qimagan bolalarning ota-onalari pul beradilar. Mening o‘g‘lim yaxshi o‘qigan va o‘z sinfdoshlari kabi o‘z kuchi bilan o‘qishga kirdi. 10 kishidan 9 nafari hech qanday pul-mulsiz o‘qishga kirdi”, deb ta'kidlamoqda Yelena Berejnaya.

Burxon Sultonov bu muammoni ta'limdagi hali yakuniga yetmagan islohotlarda ko‘rmoqda: “Bizning paytda o‘qituvchiga ochiqchasiga pora berish qiyin ish edi. Ular pora olgan bo‘lsalar-da, buni xuddi ertaga partbiletlari tortib olinadigandek alfozda olishardi. Hozirchi... barcha xizmatlar narxi shundoqqina doskada yozib qo‘yilmoqda. Hamma muammo shundaki, bizning ta'lim tizimiz xorijiy namunalarni olishga urinayotgan bo‘lsada, buni oxirigacha amalga oshirmayapti. Buning evaziga ta'lim tizimi hali ham bir oyog‘i bilan eski tizimda qolib ketmoqda, biri esa xorijiy tizimga kirib bormoqda va qaysi tomonga o‘tishni bila olmasdan arosat holda turilibdi”.

Guruh ishtirokchilari OTMlarda poraxo‘rlik illatiga barham berish uchun imtihon topshiriladigan sinfxonalarni kameralar bilan jihozlashni, poraxo‘rlar uchun qattiqroq jazo choralarini qo‘llashni, o‘qituvchilarning maoshini ularning pora olishga majbur qilmaydigan darajada ko‘paytirishni maslahat bermoqdalar. Shuningdek, imtihonlarni kamaytirib, maktabdagi umumiy o‘zlashtirishga tayanish, yoki kamida maktabda “3” bahoga o‘qigan o‘quvchi imtihonlarni a'lo darajada topshira olmasligiga e'tiborni qaratish lozimligi aytilmoqda.

UZ24 portali Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga ushbu holat yuzasidan rasmiy murojaat yo‘llagan.

Top