19:31 / 10.06.2015
2103

PepsiCo YeChLning rasmiy homiysiga aylandi

Amerikaning mashhur oziq-ovqat konserni PepsiCo Yevropa chempionlar Ligasining rasmiy homiysiga aylandi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida xabar tarqatilgan.

Shartnomaga ko‘ra, kompaniyaning Pepsi, Lay's, Gatorade, Lipton, 7 UP va Doritos kabi oziq-ovqat va ichimlik mahsulotlari Yevropa chempionlar Ligasi bo‘lib o‘tayotgan stadionlar chetidagi reklama bannerlarida va shuningdek boshqa media kuzatuvlar joylashgan hududlarda paydo bo‘ladi.

«Bugun PepsiCo katta futbolda yangi darajaga chiqdi. Shubhasiz, Yevropa chempionlar Ligasi juda ulkan, ommabop turnir. Undagi har bir uchrashuvni bir milliarddan oshiq odam tomosha qiladi. Yangi hamkorlik ikkala tomon uchun ham misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochadi», deya gapirib o‘tdi kompaniyaning Yevropa bo‘limi ijrochi direktori Ramon Lagvarta.

Tomonlar uch yillik shartnoma tuzishgan. Shartnomaning moliyaviy shartlari oshkor etilmagan.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, PepsiCo oziq-ovqat konserni 22 turdagi brend mahsulotlarini dunyoning 200dan ortiq mamlakatlaridagi iste'molchilarga sotib kelmoqda. 2014 PepsiCo yillik sotuv hajmi 66 milliard AQSh dollaridan oshib ketgandi.

Top