16:12 / 10.06.2015
3415

Suriyaga o‘tish paytida qo‘lga olingan rossiyalik talaba qiz otasi bilan uchrashdi

Moskva davlat universitetining talabasi, IShID tarkibiga qo‘shilish uchun Suriyaga o‘tayotganida qo‘lga olingan Varvara Karaulova Turkiyada saqlab turilibdi. Turkiya mutasaddilari uni deportatsiya qilish yoki sudga tortish borasida hali bir qarorga kela olgani yo‘q.
Qizning otasi Pavel Karaulov u bilan besh daqiqaga uchrashishga muvaffaq bo‘ldi.
“U juda tushkun ahvolda, tinimsiz yig‘laydi, u Rossiyaga tezroq qaytishni istaydi, – ta'kidlab o‘tdi u. – Lekin jismoniy jihatdan hammasi joyida, u nolimayapti”.
Ilgariroq Oilaviy advokat Aleksandr Karabanov qiz psixotrop moddalar ta'siri ostida bo‘lgani bois bu ishlarga qo‘l urganini taxmin qilgan edi. Ayni paytda u o‘z xatti-harakatlarini tushuntira olmayapti. Pavel Karaulovning bildirishicha, tibbiy ko‘rik hech qanday psixotrop moddani aniqlay olmagan.
RIA Novosti agentligining xabar berishicha, Varvara bilan birga Ozarbayjonning 4 fuqarosi, shuningdek, rossiyalik 4 ayol, 3 erkak va 1-8 yoshdagi 6 nafar bola ham bo‘lgan. Shuningdek, guruh tarkibida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani aytilmoqda. Taxmin qilinishicha, guruh ichidagi ayollarning asosiy maqsadi Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan erlarini topish bo‘lgan.

Top