17:49 / 11.06.2015
4405

“O‘zbeknavo”: plagiatda ayblangan xonandalar asl mualliflardan ruxsat olganlaridan keyingina efirga chiqarildi

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xorijiy qo‘shiqchilarning ijod mahsullari “o‘g‘irlanib”, o‘zbekistonlik xonandalar tomonidan ijro etilayotgani borasidagi tanqidlarga munosabat bildirdi.
Ilgariroq “Darakchi” gazetasiga yo‘llangan maktublardan birida Sardor Rahimxonning “Yil qo‘shig‘i-2014” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Malikam endi qara” qo‘shig‘i chet el ijrochisidan ko‘chirilgani qattiq tanqid ostiga olingan edi. “O‘zbeknavo”da boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlaydigan Odiljon Abduqahhorov bu borada fikr bildirib o‘tdi.

“Birlashmaning tashabbusi bilan “O‘zbekiston” milliy teleradiokompaniyasi, “Mening yurtim” telekanali va xususiy radiokanallar rahbariyatiga plagiat qo‘shiqlarni efirga bermaslik yuzasidan rasmiy xat yuborildi. Buning ijrosi qanday ta'minlanayotgani ham, albatta, nazorat qilinyapti”, – uning so‘zlarini keltiradi “Darakchi”.

“Xonanda Bahrom Nazarovning “Pari-pari” qo‘shig‘i efirdan olib tashlangandan so‘ng u bizga qo‘shiqning asl muallifidan olingan rasmiy ruxsatnomani taqdim etdi va biz uni telekanallar rahbariyatiga xat bilan ilova qildik. Sardor Rahimxon esa qo‘shig‘ining asl muallifi bilan bizni internet orqali bog‘lab, ruxsat olganini isbotlagach, uning qo‘shig‘i ham TV va radioefirlarda taqdim etilishiga ruxsat berdik”, – qo‘shimcha qildi Abduqahhorov.

Top