21:01 / 11.06.2015
5841

Bokuda rossiyalik va ukrainalik sportchilar mushtlashib ketishdi

Bokuda bo‘lib o‘tadigan Yevroo‘yinlarda ishtirok etadigan sportchilar yashaydigan joyda rossiyalik va ukrainalik sportchilar mushtlashib ketishdi.

Atletlar qishlog‘idagi (musobaqa ishtirokchilari yashaydigan joy) manbaning xabar berishicha, rossiyalik va ukrainalik sportchilar avval dahanaki jang qilishgan, keyin mushtlashib ketishgan. Sportchilarni qishloq xodimlari ajratishgan.

Mushtlashuvga nima sabab bo‘lgani, unda kimlar ishtirok etgani va qim qanday jabr ko‘rgani haqida aniq ma'lumot berilmadi.

Ba'zi fikrlarga ko‘ra, Rossiya va Ukraina delegatsiyasi orasida tortishuv chiqishida o‘yinlar tashkilotchilarining ham aybi borligi, sportchilar o‘yinlardan tashqari paytda umuman bir-birlari bilan uchrashmaydigan qilib joylashtirilishlari kerak bo‘lgani aytilmoqda.

Bokuda bo‘lib o‘tadigan “Yevroo‘yinlar-2015”ning tantanali ochilish marosimi 12 iyunda bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yinlarning Ozarbayjondagi iqtisodiy muammolar, milliy valyutaning uchdan bir qismga devaltsiya bo‘lgani va neft narxi pasayishi ortida o‘tkazilishi jamoatchilikning e'tiborini tortayotgan yana bir jihat bo‘lmoqda. Bu o‘yinlarning o‘tkazilishiga Qorabog‘ bilan bog‘liq mojaro tufayli armanlar partiyasi ham qarshi chiqmoqda, yevropaliklar esa Ozarbayjonda so‘z erkinligi tahqirlanishi sababli norozi bo‘lishmoqda. Yevroo‘yinlar 12-28 iyun kunlari davomida bo‘lib o‘tadi. 20ta sport turi: 16ta olimpiya sport turi va 4ta noolimpiya sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top