20:10 / 11.06.2015
2614

Ravshan Haydarov: Biz chorak finalda to‘xtamoqchi emasmiz

Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati nimchorak finali doirasidagi Avstriya – O‘zbekiston (0:2) uchrashuvidan so‘ng O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov matbuot anjumanida jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi.

“Albatta, barchamiz juda xursandmiz. Yigitlarga katta rahmat. Barcha ko‘rsatmalarni a'lo darajada bajarishdi va biz haqli ravishda g‘alaba qozondik. O‘yin uchun tanlangan to‘g‘ri taktika va yigitlarimiz bor kuchini berib o‘ynagani g‘alaba biz tomonda bo‘lishini ta'minladi deb o‘ylayman”.

“Doston Hamdamov bugun juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Uning kiritgan ikki goli bizga g‘alaba keltirdi. Biroq bu g‘alaba uchun qolgan barcha yigitlar ham birdek mehnat qilishdi. G‘alaba barchaniki. Hamma bu g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shdi”.

“Biz himoyada ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, qarshi hujumlarda raqibni “ushlashga” harakat qildik va bu taktikamiz ish berdi. Birinchi bo‘limda biroz sovuqqonlik yetishmadi. Ammo ikkinchi bo‘limda bosimni biroz oshirdik. Himoyachilarimiz ham hujumlarga yaxshi qo‘shildi”.

“Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga rahmat. Biz chorak final bilan chegaralanib qolmoqchi emasmiz. Turnirga avvalgi natijalarni yanada yaxshilash uchun kelganmiz. Futbolchilar ham buni yaxshi bilishadi”, — deydi Ravshan Haydarov.

Top