21:37 / 11.06.2015
1824

Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘tkazildi

Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida 11 iyun kuni O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, iqtisodiyot, bank-moliya, neft-gaz, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, transport va kommunikatsiyalar, aviasozlik, konsalting xizmati hamda qurilish kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. 2014 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 287,5 million AQSh dollarini tashkil qildi. 2015 yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 7,1 foizga oshdi. O‘zbekistonda fransiyalik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 14 qo‘shma korxona, Fransiyaning 10 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakat makroiqtisodiyot, moliya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni boshqarish uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham samarali hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston olimlari fransiyalik mutaxassislar bilan quyosh energiyasini o‘rganish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, seleksiya kabi sohalarda tadqiqotlar olib bormoqda.

Anjumanda fransiyalik ishbilarmonlarga O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari, O‘zbekistonning yoqilg‘i-energetika, transport va transport kommunikatsiyalari, farmatsevtika, xususiylashtirish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar kabi sohalardagi salohiyati, «Navoiy», «Jizzax» va «Angren» industrial zonalaridagi imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.

Tadbirda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, qo‘shma korxonalar sonini va o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini ko‘paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Fransiya delegatsiyasi a'zolari qator vazirlik va idoralarda ham muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Top