19:37 / 12.06.2015
16420

Pepsi reklamasidagi imloviy xatolar o‘zbek tvitterchilari tomonidan keskin tanqidga uchradi

Pepsi kompaniyasining O‘zbekistondagi reklama banneridagi imloviy xatolar ijtimoiy tarmoqda keskin tanqid qilindi. Dastlab bu xatoga "Yoshulli" nikli tvitterchi e'tiborini qaratgan. Reklama bannerida lotincha harflar bilan "O`ZiNGA ISHON va PEPSi ORZUiNGNi iJRO ETADi!", deb yozilgan hamda qatordagi so‘zlar bosh va kichik harflarda yozilishidan tashqari, birinchi so‘zda bitta "g" harfi tushirib qoldirilganini ko‘rish mumkin.

"Pepsi reklamasidagi imloviy xatolar (adno avlodiga shon-sharaflar!", deya iztehzo bilan yozadi u va yangilik saytlarida bu muammo yoritilishini so‘raydi.

Shuningdek, u davlat tilini davlat ramziga aylantirish, OAVlardagi imloviy xatoni davlat ramzini haqorat qilish darajasiga olib chiqish kerakligini qayd etadi. U bu reklama televideniye orqali har kuni efirga uzatilayotganini ta'kidlab, kompaniyani, reklama klipini ishlagan studiyani, bu reklamani efirga uzatgan TV rahbariyatini ham jazolash kerakligini qo‘shimcha qiladi.

O‘z navbatida uning chaqirig‘iga munosabat bildirgan ikkinchi bir tvitterchi bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan hamda saytlarda bu muammo ko‘tarib chiqilsa, banerlardagi xatolar tuzatilishiga ishonch bildirgan. U avvallari bunday xatolar markaziy nashrlarda "urib chiqilishi"ni eslaydi va hozirgi nashrlar maishiy mavzulardan ortmayotganidan noliydi.

Imloviy xatolar bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan birinchi tvitterchi esa OAVlardagi imloviy xatolar uchun ham jarima joriy qilinishini istashini bildirib o‘tgan.

Top