09:08 / 14.06.2015
1595

Hindistonning shimolida yo‘l-transport hodisasida 17 kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohat oldi

Hindistonning shimolida joylashgan Uttar-Pradesh shtatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida kamida 17 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi jarohat oldi. Bu haqda The Indian Express gazetasi o‘zining saytida ma'lum qildi.

Avariya Xarchandpur qishlog‘i yaqinida sodir bo‘ldi. Yuk mashinasi tirkamasida ziyoratchilarni olib ketayotgan ikkita traktorga borib urilgan. Halok bo‘lganlar orasida 12 nafar ayol va 5 nafar bola bor. Barcha jarohat olganlar yaqin oradagi shifoxonalarga yetkazilgan, ulardan ba'zilarining ahvoli juda yomon qolmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, YTHga yuk mashinasi haydovchisining tezlikni biroz oshirgani sabab bo‘lgan.

Hindiston yo‘l-transport hodisalarida o‘lim ro‘y berishi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. 2011 yilda mamlakat yo‘llaridagi avariyalar 140 ming kishining, 2012 yilda esa 150 mingdan ko‘proq kishining umrini olib ketgan. YTHlarning qariyb 70 foiziga inson omili sabab bo‘ladi.

Top