12:53 / 15.06.2015
1787

19 iyun kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Formaper” agentligi hamkorligida anjuman o‘tkaziladi

2013 yildan buyon O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Milan savdo-sanoat, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi palatasi huzuridagi “Formaper” agentligi (Italiya) hamkorligida Yevropa Ittifoqining “Ehtiyojmand oilalarga daromad manbalarini yaratishda ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi dasturlar” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida O‘zbekistondagi 5ta mahallada ayollarning iqtisodiy bilimlarini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, mazkur yo‘nalishda ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida loyiha doirasida muayyan ishlar bajarildi. Hududlarda davlat va nodavlat tashkilotlaridan, xususan Savdo-sanoat palatasining hududiy tuzilmalaridan iborat Jamoatchilik guruhlari faoliyati yuritib kelmoqda.

Joriy yilning 19 iyun kuni soat 9:30da “Wyndham” (sobiq “Dedeman”) mehmonxonasining katta anjumanlar zalida loyihaning yakuniy anjumani tashkil etiladi. Tadbirning maqsadi – loyiha natijalarini e'lon qilish, loyiha doirasida joriy etilgan mexanizm to‘g‘risida fikr va tajriba almashish hamda istiqboldagi hamkorlikni muhokama etish. Tadbirda davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va vakillari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Top